Tadbirkor ayollar qo‘llab-quvvatlanmoqda
2024-05-27 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbir davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ochiq muloqot shaklida tashkil etildi.
Uchrashuvda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Sa’dullayev hamda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova so‘zga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Ayniqsa, yurtimizning chekka tuman, eng olis mahallalarida ham o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan ayollarning borligi e’tirof etildi. Eng muhimi, xotin-qizlarning kasb-hunarli, tadbirkor bo‘lishiga ko‘maklashish masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligi ta’kidlandi.
Mahallalarda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasidagi masalalarni tezkor hal etish maqsadida viloyat, shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida barcha hududlarda doimiy ishlaydigan shtablar tashkil etilgan.
Jizzax shahri va 12 ta tumanda tashkil etilgan ishchi guruhlariga viloyat tijorat banklari rahbarlari mas’ul etib belgilangan va viloyatdagi 309 ta qishloq hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarining har biri tijorat banklari vakillariga biriktirilgan.
– 2024 yil davomida viloyat bo‘yicha jami 56 ming 545 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlash belgilangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 22 ming 410 nafar xotin-qiz bandligi ta’minlandi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova. – Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 5 ming 400 nafarga yaqin ayolga 50 milliard 300 million co‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Mazkur tadbir davomida ishtirokchilarga, soliq qonunchiligidagi yangiliklar, xususan, 2024 yil 1 fevraldan joriy etilgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi haqida ham batafsil tushunchalar berildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Yangiobod tumanida joylashgan “Zomin Asl ipak tola” MCHJ klasteridagi tut plantatsiyalari va pilla yetishtirish jarayonlari, bu yerda joriy qilingan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi hamda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha xonadonlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur hudud 1350 gektarni tashkil etib, bugungi kunda klasterda 120 quti ipak qurti parvarish qilinmoqda. Ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Oshxona, yotoqxona, keyinish, yuvinish xonalari mehnatkashlar xizmatida. Hozirgi kunda mazkur klasterda 20 nafardan ortiq xotin-qiz faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldi.


