Xotin-qizlar huquqlarining himoya qilinishi va xavfsiz migratsiya masalalari muhokama qilindi
2026-01-28 09:50:00 / Yangiliklar

Tanqidiy-tahliliy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan masalalarning har biri yuzasidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, zarur vazifalar belgilab olindi. Xususan:
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026 yil 5 yanvardagi PQ-1-son va PQ-2-son qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish;
Oila va xotin-qizlar yo‘nalishida 2025 yilda olib borilgan ishlar tahlili hamda 2026 yildagi ustuvor vazifalar batafsil muhokama qilindi.
Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida xavfsiz migratsiya masalalari, ayollar huquqlarining taʼminlanishi hamda ularni muayyan hunarga o‘rgatilganidan keyingina qonuniy mehnat migratsiyasiga yuborish bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Ayniqsa, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytarish va munosib mehnat sharoitlari bilan taʼminlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, masʼullarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Huquqiy himoyani kuchaytirish: xorijga ishga ketayotgan xotin-qizlarning huquqlari, mehnat shartnomasi, ish joyi va yashash sharoitlari bo‘yicha ishonchli maʼlumot va maslahat berish ishlarini masʼullar hamkorligida kengaytirish.
Qonuniy yo‘llar bilan chiqishni taʼminlash: “rasmiy kanallar — kafolatli shartnoma — xavfsiz muhit” tamoyili asosida qonuniy ishga joylashtirish mexanizmlari bo‘yicha mahallalarda tushuntirish ishlarini olib borish.
Kasb-hunarga tayyorlash: mehnat bozori talablariga mos qisqa muddatli o‘quv kurslariga yo‘naltirish, sertifikatlashtirish va ish beruvchilar bilan kelishuvlar orqali amaliyot bazasini yaratish.
Mahalla kesimida manzilli ishlash: migratsiyaga ketish ehtimoli yuqori bo‘lgan oilalar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish, tadbirkorlikka keng jalb qilish, umuman, ayollarni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik borasida aniq topshiriqlar berish.
Shuningdek, joylarda Oila va xotin-qizlar maskanlarining faoliyatini kuchaytirish, oilaviy ajrimlar, xotin-qizlar jinoyatchiligiga oid holatlar bilan manzilli ishlash borasida qatʼiy vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda har bir hududda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, topshiriqlarning ijrosi aniq muddat va ko‘rsatkichlar asosida nazoratga olinishi qayd etildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Toshkent, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hokim o‘rinbosarlari – Oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlarining axboroti tinglandi.

