“Tashkent University of Technology” ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-01-27 11:15:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, shuningdek, xalqaro hamkorlar — Constructor University Bremen (Germaniya) va Boston Consulting Group (AQSH) vakillari, sanoat va energetika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
“ToshTech” O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi yirik milliy loyiha bo‘lib, universitet STEM yo‘nalishlari, texnologik tadbirkorlik va bilim hamda texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.
“ToshTech”da ta’lim:
Universitetda darslar bakalavriat va magistratura bosqichlarida muhandislik va texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki to‘rt yilda eng talabgir yo‘nalishlar bo‘yicha beshta maktab (fakultet)ni ishga tushirish rejalashtirilgan:
- Electrical Engineering (Elektr muhandisligi);
- Industrial Mechanical & Automotive Engineering (Sanoat mashinasozligi va avtomobilsozlik muhandisligi);
- Materials Sciyence & Engineering (Materialshunoslik va muhandislik fanlari);
- Advanced Engineering & Emerging Technologiyes (Ilg‘or muhandislik va yangi texnologiyalar);
- Engineering & Management (Muhandislik boshqaruvi).
Birinchi yilda umumiy muhandislik bakalavriati ishga tushiriladi, maktab (fakultet) tanlovi esa 2-3-kursdan boshlanadi.
O‘quv jarayonida amaliy mashg‘ulotlar ulushi yuqori bo‘lib, talabalar dastlabki bosqichlardan boshlab real sanoat loyihalari, muhandislik muammolari va ishlab chiqarish bilan uyg‘un holda ishlaydi. Ta’lim modeli loyihaga asoslangan ta’lim (project-based learning), keyzlarga asoslangan ta’lim (case-based learning) va sanoat bilan hamkorlikdagi dual yondashuv elementlarini o‘z ichiga oladi.
Xalqaro hamkorlik
Universitetning tayyorlov dasturi (Foundation) ta’lim dasturlari Constructor University Bremen (Germaniya) akademik ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, muhandislik ta’limining xalqaro standartlariga to‘liq mos keladi. Ushbu hamkorlik o‘quv dasturlarining sifati, baholash va akademik nazorat mexanizmlari, professor-o‘qituvchilarni tayyorlash va akademik almashinuvni ta’minlaydi.
Shuningdek, universitet Singapur, Buyuk Britaniya, AQSH kabi davlatlarning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistraturata’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
“ToshTech” universitetining rivojlanish konsepsiyasi, institutsional modeli va ta’lim dasturlarining strategik arxitekturasi Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting tashkiloti ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan. BCG Universitetni boshqaruv modeli, sanoat bilan integratsiya, kompetensiya markazlari va raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirishda qo‘llab-quvvatlamoqda.
Sanoat bilan tizimli integratsiya
Ochilish marosimi doirasida “ToshTech” va qator yirik tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumlari imzolandi. Hamkorlar qatoriga:
- “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ,
- ACWA Power,
- “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ,
- “Yashil Energiya” MCHJ,
- “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ,
- “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,
- “O‘zenergoinjiniiring” AJ kiradi.
Mazkur hamkorliklar doirasida talabalar uchun amaliyot, stajirovka, qo‘shma loyihalar va bitiruvdan so‘ng ishga joylashish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy ehtiyojlarga javob
Texnologik transformatsiya va sanoatni modernizatsiya qilish jarayonlari jadallashayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori malakali muhandis kadrlarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. Ishchi guruh prognozlariga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida mamlakatning asosiy tarmoqlarida 35 ming nafarga yaqin muhandis mutaxassisga talab yuzaga keladi. Universitet aynan shu bo‘shliqni to‘ldirish, energetika, sanoat, mashinasozlik va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar uchun zamonaviy muhandislarni tayyorlashga qaratilgan.
Ta’lim infratuzilmasi va birinchi natijalar
Universitet faoliyatini 2026-yil sentabr oyida to‘liq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. 2025-yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi.
Universitetning tayyorlov dasturiga (Foundation) dastlabki qabul jarayonida 650 dan ortiq ariza kelib tushdi va 200 nafar tinglovchi saralab olindi.




