Strategik vazifalar va amaliy yondashuvlar muhokama qilindi
2026-01-12 09:50:00 / Yangiliklar

Mazkur iqtisodiy o‘quv dasturida qo‘mita markaziy apparati tarkibiy bo‘limlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari, tuman (shahar) hokim o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘lim boshliqlari hamda boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlari mas’ul xodimlari oflayn formatda ishtirok etdi. Shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollari onlayn tarzda jalb etildi. Jami ishtirokchilar soni 5761 nafarni tashkil etdi.
O‘quv dasturida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishda mahalla xotin-qizlar faollarining aholi bilan samarali muloqoti hamda barcha tizim xodimlarining faol ishtiroki muhimligi alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlantirish va islohotlar agentligi hamda Milliy statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari tomonidan oila va xotin-qizlar tizimi xodimlari, xususan, mahalla xotin-qizlar faollarining aholini ro‘yxatga olish jarayonidagi vazifalari, aholiga tushuntirish ishlarini samarali tashkil etish hamda ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan tushuntirishlar berildi.
O‘quv dasturi tizim xodimlarining iqtisodiy bilimlarini oshirish, strategik hujjatlar mazmun-mohiyatini joylarda to‘g‘ri va samarali tatbiq etish, shu orqali xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalla instituti faoliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
