O‘zbekiston kubogi: Yosh merganlar final sari dadil qadam tashlamoqda
2025-09-11 18:25:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli sport tadbiri yurtimiz bo‘ylab saralab olingan eng iqtidorli va istiqbolli yosh sportchilar ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, musobaqa nafaqat ularning texnik va psixologik tayyorgarligini sinovdan o‘tkazmoqda, balki sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, sport orqali vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kun bahslarida mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan, malakali murabbiylar tomonidan saralangan yosh sportchilar 10 metr masofaga pnevmatik miltiqdan otish yo‘nalishida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Yigit-qizlar ishtirokidagi miks formatdagi bellashuvlar yuqori sport ruhi, kuchli raqobat va irodaviy barqarorlik muhitida o‘tdi.
Final yo‘llanmasi uchun kechgan har bir bahsda zarbaning aniqligi, ruhiy tayyorgarlik, o‘zini tutish madaniyati kabi omillar musobaqa taqdirini belgilovchi omilga aylandi. Natijada eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan sportchilar musobaqaning final bosqichiga yo‘l olishdi.
Kunning ikkinchi qismida esa dastlabki kunlarda o‘z yurishlarini muvaffaqiyatli yakunlagan sportchilar – pnevmatik to‘pponchadan otish yo‘nalishida yigitlar, qizlar hamda miks yoʻnalishlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tantanali tarzda taqdirlandi. G‘olib va sovrindor sportchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kubogi musobaqasi joriy yilning 13-sentabrga qadar davom etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









