O‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari boshlandi
2025-09-09 15:15:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, o‘q otish nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki yuqori darajadagi ichki intizom, ruhiy barqarorlik, diqqatni jamlash va tezkor fikrlash kabi murakkab fazilatlarni talab etadi. Shunday murakkabliklarga qaramay bugungi kunda yurtimiz yoshlari ushbu sport turida yuqori natijalarga erishmoqda.
Ayni kunlarda Mudofaa vazirligi huzuridagi O‘q otish sport markazida 21 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Bellashuvlar 9–13-sentyabr kunlari davom etadi. Musobaqada Respublikamizning barcha hududlaridan saralangan iqtidorli va istiqbolli yosh merganlar ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ilk kunida sportchilar final bosqichiga yo‘llanma olish uchun barcha salohiyati va mahoratini ishga soldi. Jumladan, dastlabki bosqichda 150 nafardan ortiq yosh qizlar 10 metr masofadan pnevmatik to‘pponcha bilan nishonga aniq zarba berish bo‘yicha bellashdi. Mazkur bellashuvlar ishtirokchilarning nafaqat texnik tayyorgarligi, balki psixologik barqarorligi, og‘ir bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qila olish qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqa davomida o‘z yo‘nalishida eng yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar saralanib, final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Har bir bahsda sportchilarning professional yondashuvi, murabbiylarning puxta tayyorgarligi va tashkilotchilarning namunali ish uslubi o‘z ifodasini topdi.
Ta’kidlash joizki, bunday miqyosdagi musobaqalar nafaqat sportchilarning mahoratini oshiradi, balki ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurt sha’nini munosib himoya qilishga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kubogi musobaqasi 13-sentyabr sanasiga qadar davom etadi. Yakuniy natijalar asosida g‘olib va sovrindor sportchilar aniqlanib, ularga diplom, medallar hamda esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









