“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining g‘oliblari aniqlandi
2025-05-19 18:10:00 / Yangiliklar

Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahridagi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida tashkil etilgan musobaqaning tantanali yopilish marosimida mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov va boshqalar to‘rt bosqichda mudofaa vaziri kubogi uchun oʻtkazilgan ushbu musobaqa minglab yoshlarni birlashtirganini ta’kidlab, har bir ishtirokchining kelgusida chinakam Vatan tayanchi bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi.
Bellashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, poytaxtimiz va viloyatlardan saralangan 14 ta jamoa dastlab ilk harbiy koʻnikmalarni sinovdan oʻtkazadigan “Harbiylashtirilgan estafeta”, tibbiy bilimlarning amalda ifodasi boʻlgan “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, turnikda tortilish (o‘g‘il bolalar uchun), kuragi bilan yotgan holatda tanani ko‘tarish (qizlar uchun), sinchkovlikni talab etuvchi “Merganlar” shartlarida bor kuch, bilim va imkoniyatlarini namoyon etdi.
Jamoalarning Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy faoliyati, Markaziy Osiyo davlatchilik tarixi va O‘zbekiston tarixiga oid “Bilimdonlar”, “Arqon tortish”, “Safda qo‘shiq aytish”, “Vatan madhi” badiiy-havaskorlik tanlovi hamda “Smart sardor” ixtirochilik bahsi bo‘yicha shartlarda erishgan natijalari hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholab borildi.
Oʻz jamoasi uchun mardonavor kurashayotgan, qalbida vatanparvarlik tuygʻusi joʻsh urayotgan yoshlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchi yuksak. Bu ularning shijoatida, intilishlarida yaqqol aks etdi. Uch kun davom etgan harbiy-sport musobaqasi davomida yoshlar bilan turli madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlar, ekskursiyalar uyushtirildi. Gulxan atrofida tashkil etilgan davra suhbatida ertamiz egalari bilan samimiy savol-javoblar oʻtkazildi.
Qizgʻin va murosasiz bahs-munozaralar natijasiga koʻra, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasida uchinchi oʻrinni Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 4-maktab jamoasi, ikkinchi oʻrinni Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 193-maktab jamoasi egalladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonliko‘l tumanidagi 2-maktab jamoasi esa mudofaa vaziri kubogi sohibi boʻldi.
Merganlik bellashuvida pnevmatik qurol orqali 96 ball olgan Omina Husanova (Toshkent shahri) “Mohir mergan”, turnikda 39 marotaba tortilgan Abay Janaboyev (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) “Eng kuchli sportchi”, tariximizga oid 30 ta savoldan deyarli barchasiga to‘g‘ri javob bergan Marhabo Tursunboyeva (Surxondaryo viloyati) “Eng bilimdon ishtirokchi”, qo‘lda masofadan boshqariladigan minalashtirish mashinasini ixtiro qilgan Mehriniso Hosilbekova (Jizzax viloyati) “Eng yaxshi ixtirochi”, Jahongir Oblaqulov (Qashqadaryo viloyati) “Eng yaxshi ijrochi” nominatsiyalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Faxrli o‘rinlarga sazovor boʻlgan jamoalar hamda nominatsiyalar gʻoliblariga kubok, diplom, statuetka va esdalik sovgʻalar topshirildi. Qolgan jamoalar ham hamkor tashkilotlarning qimmatbaho sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Tadbirning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yosh vatanparvarlar yuksak orzular, yangi qarashlar, qatʼiy maqsadlar bilan oʻz viloyatlariga qaytishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti