DA’VONI TA’MINLASh - sud qarori ijrosining muhim kafolati
2026-10-28 17:25:00 / Yangiliklar
Biroq sudda da’voning qanoatlantirilishi har doim ham huquqning amalda tiklanganini anglatmaydi. Sababi sud tomonidan hal qiluv qarori chiqquniga qadar javobgar mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazib yuborishi, pul mablag‘larini tasarruf etishi, nizoli ashyoni yashirishi yoki unga boshqacha tarzda zarar yetkazishi mumkin. Bunday holatda da’vogar sudda yutgan taqdirda ham qabul qilingan qarorni ijro etish qiyinlashishi, ayrim vaziyatlarda esa umuman imkonsiz bo‘lib qolishi ham mumkin.
Masalan, bir shaxsga katta miqdorda pul qarz berdingiz, ammo u qarzini qaytarmayapti. Sudga murojaat qildingiz. Ish ko‘rilayotgan vaqtda qarzdor o‘ziga tegishli mol-mulkni sotib yuborsa yoki boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirsa, keyinchalik undiruvni amalga oshirish murakkablashadi.Ana shunday xavflarning oldini olish uchun fuqarolik protsessual qonunchiligida da’voni ta’minlash choralari nazarda tutilgan. Maqsad: nizoni oldindan hal qilish emas, balki kelgusida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan sud hujjatining real ijrosini ta’minlash uchun mavjud holatni vaqtincha saqlab turishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 105-moddasiga muvofiq, agar da’voni ta’minlash choralarini ko‘rmaslik sud hujjatining ijrosini qiyinlashtirishi yoki uni ijro etishni imkonsiz qilib qo‘yishi mumkin bo‘lsa, sud bunday choralarni qo‘llashga haqli.
Da’voni ta’minlash doirasida javobgarga tegishli mol-mulk yoki pul mablag‘larini xatlash, muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash, nizoli mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish yoki sotishning oldini olish, zarur hollarda uni saqlash uchun boshqa shaxsga topshirish hamda ishning xususiyatidan kelib chiqqan boshqa choralarni qo‘llash mumkin.
Bunda muhim bir jihatni unutmaslik lozim: da’voni ta’minlash — javobgarni oldindan aybdor deb topish yoki da’vogarning talabi albatta qanoatlantiriladi, degan xulosani anglatmaydi. Bu vaqtinchalik protsessual himoya chorasi bo‘lib, uning maqsadi sud qarori qabul qilinguniga qadar nizo predmetining saqlanishini va kelgusidagi ijro imkoniyatini ta’minlashdir.
Shu jihatdan 2026 yil 3 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Fuqarolik ishlari bo‘yicha, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 19-sonli qarori qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur qaror sudlar tomonidan da’voni ta’minlash masalalarini bir xil va asosli hal etishga xizmat qiladigan tushuntirishlarni belgilab berdi.
Da’voni ta’minlash choralarining ahamiyatini ko‘rsatadigan misollar asosida fikrni davom ettiradigan bo‘lsak, fuqaro D.M. fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Da’vogarning ko‘rsatishicha, u yaqinlaridan qarz va bankdan kredit olib, javobgar S.G. bilan avtomashina oldi-sotdisi yuzasidan kelishgan. 2026 yil 21 mart kuni u javobgarga 245 million 500 ming so‘m pul bergan. Kelishuvga ko‘ra, “Hovo Max” rusumli avtomashina da’vogar nomiga rasmiylashtirilishi lozim edi.
Ammo javobgar avtomashinani da’vogarga bermagan va keyinchalik uni boshqa shaxsga sotib yuborgan. Pul mablag‘lari ham qaytarilmagan. Da’vogar bir necha bor pulni qaytarishni talab qilganida, javobgar avtomashinani boshqa shaxsga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotganini bildirgan.Shunday vaziyatda da’vogar faqat pulni undirishni emas, balki kelgusida sud qarorini ijro etish qiyinlashib qolmasligi uchun da’voni ta’minlash choralarini qo‘llashni ham so‘ragan.
Sud ish holatlarini va javobgar mol-mulkni tasarruf etishi natijasida keyingi ijro jarayoni qiyinlashishi mumkinligini inobatga olib, uning mol-mulkiga band solish chorasini qo‘llagan.
Mazkur choraning ahamiyati aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Sud hali nizoni mazmunan hal qilmasdan turib, kelgusida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan qaror qog‘ozda qolib ketmasligi uchun zarur protsessual kafolatni yaratgan.
Keyinchalik ish mazmunan ko‘rib chiqilib, taraflar o‘rtasida avtomashina oldi-sotdisi yuzasidan og‘zaki kelishuv bo‘lgani, da’vogar javobgarga pul mablag‘ini bergani, ammo javobgar o‘z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmagani aniqlangan.
Sud 2026 yil 14 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’voni qisman asosli deb topib, javobgardan da’vogar foydasiga tegishli pul mablag‘lari hamda sud xarajatlarini undirishni belgilagan.
E’tiborli tomoni, keyinchalik mazkur nizo taraflarning o‘zaro kelishuvi bilan yakunlangan. Da’vogar 2026 yil 21 avgustda tegishli mablag‘larni olganini bildirib, kelishuv bitimini tasdiqlashni so‘rab sudga murojaat qilgan. Sud 2026 yil 24 avgust kuni nizoga barham berilganini inobatga olib, taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlagan.
Bu holatda da’voni ta’minlash chorasining qo‘llanilishi javobgarning mulkiy holati o‘zgarib ketishining oldini olish bilan birga, taraflar o‘rtasidagi nizoni amaliy hal etishga ham turtki bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Da’voni ta’minlash faqat pul yoki mol-mulk bilan bog‘liq nizolarda qo‘llanilmaydi. Ayrim hollarda uning markazida insonning shaxsiy huquqlari, xususan, bolaning manfaatlari turadi.Fikrimizga fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudining 2026 yil 9 iyuldagi ajrimi misol bo‘la oladi.
Da’vogar T.A. javobgar L.G‘.ga nisbatan bolani olib berish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Nizo 2023 yil 11 martda tug‘ilgan, ya’ni hali juda kichik yoshda bo‘lgan Bilol ismli bolaga daxldor.
Ish mazmunan hal etilguniga qadar bolani yashirish yoki uning turgan joyini o‘zgartirish ehtimoli sud qarori ijrosini qiyinlashtirishi mumkin edi. Shu sababli sud, eng avvalo, bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, nizo yakuniy hal etilguniga qadar uni javobgar qaramog‘idan da’vogar qaramog‘iga olib berishni maqsadga muvofiq deb topgan.
Mazkur misol da’voni ta’minlash institutining vazifasi faqat mol-mulkni saqlab qolish bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi. Zarur hollarda u bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini nizo hal etilguniga qadar dastlabki tarzda himoya qilish vositasi sifatida ham xizmat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi amaliyotida ham shunga o‘xshash holatga duch kelindi.Gap shundaki, sudning 2026 yil 2 martdagi ajrimi bilan da’vogar T.S.ning kelinlik sepi va o‘ziga tegishli mol-mulklarni olib berish haqidagi da’vosi doirasida da’voni ta’minlash choralari qo‘llangan.
Bunday nizolarda ish sudda ko‘rilayotgan davrda mol-mulk boshqa shaxsga berib yuborilishi, yo‘qolishi, sotilishi yoki yaroqsiz holga kelishi ehtimoli mavjud. Agar shunday holat yuz bersa, keyinchalik da’vo qanoatlantirilgan taqdirda ham huquqni amalda tiklash mushkullashadi. Shu sababli sud nizoli mol-mulkka darhol band solgan. Bu bilan mol-mulkning ish yakuniga qadar saqlanishi va kelgusidagi sud hujjatini real ijro etish uchun zarur sharoit yaratilgan.
Jizzax viloyatidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyi davomida da’voni ta’minlash bilan bog‘liq 90 dan ortiq holatda tegishli choralar qo‘llangan.Bu raqam da’voni ta’minlash instituti nazariy norma bo‘lib qolmayotganini, aksincha, fuqarolarning mulkiy va shaxsiy huquqlarini himoya qilishda amaliy ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Biroq bunday choralarning keng qo‘llanilishi ularni avtomatik yoki har bir da’vo bo‘yicha qo‘llash kerak, degani emas.Chunki sud har bir holatda da’voni ta’minlashga haqiqiy zarurat bor-yo‘qligini baholashi lozim. Ya’ni chora ko‘rilmasa, kelgusida sud hujjatini ijro etish haqiqatan ham qiyinlashadimi? Tanlangan chora da’vo talabiga mutanosibmi? U boshqa shaxslarning huquqlariga asossiz zarar yetkazmaydimi?
Yuqoridagi savollar sud amaliyotida da’voni ta’minlash kuchli huquqiy vosita ekanligini ko‘rsatayotgani ham aynan shu ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Javobgarning millionlab so‘mlik mol-mulkiga band solish kichik miqdordagi talab uchun nomutanosib bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shaxsning xo‘jalik faoliyatini butunlay to‘xtatib qo‘yadigan chora ham nizoning mazmuni va ehtimoliy xavf bilan asoslanishi lozim.
Shuning uchun da’voni ta’minlashda ikki manfaat o‘rtasida huquqiy muvozanat saqlanishi kerak: bir tomonda da’vogarning kelgusida sud qarorini real ijro ettirish manfaati, ikkinchi tomonda esa javobgarning huquqlari va qonuniy manfaatlari turadi. Odil sudlovning samarasi faqat qonuniy va asosli qaror qabul qilinishi bilan tugamaydi. Fuqaro uchun eng muhim natija bu — qarorning amalda ijro etilishidir.
Sud da’vogar foydasiga yuz million so‘m undirish haqida qaror chiqarsa-yu, qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki avvaldan boshqa shaxslarga o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, fuqaro formal jihatdan sudda g‘alaba qilgan, amalda esa o‘z huquqini tiklay olmagan bo‘ladi.Shu ma’noda, da’voni ta’minlash sud qarori ijrosidan oldin ishlaydigan huquqiy himoya mexanizmidir. U kelgusidagi ijro uchun mulkiy yoki huquqiy holatni saqlab turadi va sud himoyasining real natija berish imkoniyatini oshiradi.
Ayni paytda da’voni ta’minlash taraflarni kelishuvga majburlash vositasi bo‘lmasligi kerak. Lekin nizoli mol-mulk saqlab qolingani yoki uni tasarruf etish cheklangani taraflarga ishning huquqiy oqibatlarini real baholash imkonini berishi mumkin. Bu esa ayrim hollarda nizoni sudning yakuniy qarorigacha o‘zaro maqbul shartlarda hal etishga ham olib keladi.
Jizzax tumanlararo sudida ko‘rilgan yuqoridagi,ya’ni fuqaro D.M. va javobgar S.G. o‘rtasidagi ishda ham da’voni ta’minlash chorasi qo‘llanganidan keyin taraflar o‘rtasida hisob-kitob amalga oshirilib, nizo kelishuv bitimi bilan yakunlangani buning amaliy misolidir.
Da’voni ta’minlash instituti fuqarolik sud ishlarini yuritishda oddiy texnik chora emas. U buzilgan huquqni sud orqali himoya qilish bilan sud qarori ijrosi o‘rtasidagi muhim huquqiy ko‘prikdir.Uning vazifasi ish natijasini oldindan belgilash emas, balki nizo hal etilgunga qadar shunday huquqiy vaziyatni saqlab turishki, keyinchalik chiqarilgan sud qarorini real ijro etish imkoni mavjud bo‘lsin.
Sud amaliyotida qarz mablag‘larini undirishdan tortib, sep mol-mulkini saqlash yoki bolaning manfaatlarini dastlabki himoya qilishgacha bo‘lgan turli munosabatlarda ushbu institutning ahamiyati namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, da’voni ta’minlash chorasi har bir holatda asosli, zarur va da’vo talabiga mutanosib bo‘lishi shart. Faqat shunda u bir tarafning manfaatini himoya qilish vositasidan chiqib, odil sudlovning haqiqiy protsessual kafolatiga aylanadi.
Xulosa qilib aytganda, sud himoyasining haqiqiy qiymati qaror qabul qilinganida emas, buzilgan huquq amalda tiklanganida namoyon bo‘ladi.
Nodirjon RASULOV,
Jizzax viloyati sudi raisining o‘rinbosari –
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi,
Bekzod Kazakov,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik
tumanlararo sudining raisi.
