51 yildan so‘ng qadrdon maktab bag‘rida — unutilmas diydor
2026-10-22 10:25:00 / Yangiliklar

Ushbu kun nafaqat ona tilimizga ehtirom, balki yillar osha unutilmagan xotiralar, mehr-oqibat va qadrdon diydor tantanasiga ham aylandi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalari maktabni bundan 51 yil avval tamomlagan, bugungi kunda qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida yashayotgan sobiq bitiruvchilarning qadrdon ta’lim maskaniga tashrifi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Oradan yarim asrdan ortiq vaqt o‘tdi. Hayot yo‘llari turli manzillarga boshladi, yillar o‘z hukmini o‘tkazdi. Ammo bolalik xotiralari, maktab partalarida o‘tgan beg‘ubor damlar, ustozlarning mehrli nigohi va sinfdoshlar bilan kechgan unutilmas onlar qalblarda hamon saqlanib qolgan. Ularni yana bir bor shu maskanda jamlagan kuch — yoshlik sog‘inchi, ustozlarga cheksiz hurmat va o‘qigan dargohga bo‘lgan samimiy muhabbatdir.
Sobiq bitiruvchilar uchun bu uchrashuv shunchaki maktabga qaytish emas, balki umrning eng go‘zal sahifalariga qayta nazar tashlash, unutilmas xotiralarni yodga olish va qadrdon insonlar bilan diydorlashish imkoniyati bo‘ldi.
Tadbir davomida hukm surgan samimiy muhit, dildan kechgan suhbatlar, xotiralar va diydor quvonchi barchaga o‘zgacha ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Zero, maktab — oddiygina ta’lim maskani emas. U inson qalbida bir umr yashaydigan bolalik, ilk orzular, mustahkam do‘stlik va hayotga qo‘yilgan dastlabki qadamlar beshigidir.
O‘zbek tili bayrami bilan uyg‘unlashgan ushbu uchrashuv ona tilimizga hurmat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarning naqadar mustahkam ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Chunki yillar o‘tadi, manzillar o‘zgaradi, ammo qadrdon maktabga bo‘lgan mehr va yoshlik xotiralari qalbdan hech qachon o‘chmaydi.
Mirzacho‘l tumani hokimligi Axborot xizmati





