Til — millat ko‘zgusi
2026-10-20 16:00:00 / Yangiliklar

Tuman hokimligi tashabbusi bilan tuman Madaniyat markazida qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda o‘zbek tilining milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizdagi o‘rni, uning nufuzini oshirish hamda kelajak avlodga sof holda yetkazishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbirni tuman hokimi o‘rinbosari U.Rustamov hamda tumani hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi E.Akramov ochib berdi. Dastlab, tuman hokimligi tomonidan o‘zbek tilining rivoji va targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustozlar taqdirlandi.
Shundan so‘ng bayram dasturi namoyish etildi. Unda tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari, Musiqa va san’at maktabi, Yangidala madaniyat markazi, tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari hamda "Oqiloylar" folklor havaskorlik jamoasi o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, tuman Axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada yuksaltirish, yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarimizga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Mirzacho‘l tumani hokimligi Axborot xizmati








