DAVLAT TILI — MILLATIMIZ G‘URURI, MILLIY O‘ZLIGIMIZ TIMSOLI
2026-10-15 08:40:00 / Yangiliklar

Ona tilimiz — milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va tarixiy xotiramizning yorqin ifodasidir. Davlat tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish har bir fuqaroning, ayniqsa, davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning muhim vazifalaridan biridir.
Joriy yilning 14-oktabr kuni Mirzacho‘l tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limida xodimlarning davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalarini mustahkamlash, yozma savodxonligini oshirish hamda amaldagi imlo qoidalariga rioya etish darajasini aniqlash maqsadida diktant tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi, davlat tilining nufuzi va qo‘llanish doirasini kengaytirish, tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish sifatini oshirishga qaratilgan ishlar doirasida tashkil etildi.
Diktant jarayonida bo‘lim xodimlarining o‘zbek tilida savodli yozish ko‘nikmalari, so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash, tinish belgilaridan o‘rinli foydalanish hamda adabiy til me’yorlariga rioya etish darajasi sinovdan o‘tkazildi.
Bunday tadbirlar xodimlarning imlo qoidalariga oid bilimlarini mustahkamlash bilan birga, xizmat faoliyatida tayyorlanadigan rasmiy hujjatlar, ma’lumotnomalar, hisobotlar va xizmat yozishmalarini davlat tilida to‘g‘ri hamda tushunarli rasmiylashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta’minlash va fuqarolar bilan samarali muloqot olib borishda axborotning aniq, tushunarli va savodli bayon etilishi muhim ahamiyatga ega. Shu bois davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish tashkilot faoliyati samaradorligining muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi va bebaho qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan. Uning sofligini saqlash, adabiy til me’yorlariga amal qilish, yosh avlodda ona tiliga hurmat tuyg‘usini shakllantirish barchamizdan mas’uliyat talab etadi.
Davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish, xodimlarning savodxonligini muntazam takomillashtirib borish hamda rasmiy muloqotda til me’yorlariga qat’iy rioya etish bu boradagi ishlarning izchil davom etishini taqozo etadi.
Mirzacho‘l tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limida tashkil etilgan diktant ham xodimlarning davlat tiliga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, yozma savodxonligini mustahkamlash va xizmat faoliyatida til madaniyatiga rioya etish mas’uliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Zero, davlat tiliga hurmat — Vatanga hurmat, ona tilini asrash esa milliy o‘zligimizni asrashdir!
Mirzacho‘l tumani hokimligi Axborot xizmati




