DAVLAТ AKТIVLARI — YANGI INVESТITsIYA VA ТADBIRKORLIK IMKONIYAТLARI
2026-10-05 11:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekistonda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda davlat aktivlarini xususiylashtirish va ularni iqtisodiy aylanmaga qaytarish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
2026 yil 28 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–177-son Farmoni mazkur yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi. Hujjatda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish, davlat aktivlarini xususiylashtirish, investitsiyalarni jalb etish va davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Belgilangan vazifalarga ko‘ra, 2026 yilda 84 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxona aktsiyalarini, 1 242 ta ko‘chmas mulk ob'ektini hamda tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer maydonlarini realizatsiya qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, 85 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonani tugatish yoki qayta tashkil etish belgilangan.
Farmon doirasida davlat va davlat ishtirokidagi aktivlar hamda yer maydonlarining umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mni tashkil etishi, ularni auktsion savdolariga chiqarish orqali kamida 14 trillion so‘m mablag‘ tushumini ta'minlash maqsad qilingan.
E'tiborli jihatlardan biri — davlat aktivlarini xarid qilishda tadbirkorlar uchun to‘lov imkoniyatlarining kengaytirilganidir. Xususan, xarid qiymatining 15 foizi miqdorida avans to‘lanadi va ushbu avansni 30 kalendar kun ichida to‘lash imkoniyati belgilangan. Qolgan summa esa belgilangan shartlar asosida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Yirik davlat aktivlari va ayrim nodavlat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha ham qulay mexanizmlar nazarda tutilgan. Agar xaridor olti oy ichida mablag‘ning 100 foizini to‘lasa, umumiy qiymatga nisbatan 25 foiz chegirma qo‘llanadi. Mablag‘ning 50 foizi olti oyda to‘langan taqdirda, qolgan qismi 7 yilgacha, 35 foizi uch oyda to‘langan taqdirda esa qolgan summa 5 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat aktivi qiymatining kamida 50 foizi to‘langanidan so‘ng xaridorga ob'ektni rekonstruktsiya qilish, jumladan, mavjud binolarni buzib, yangi qurilish ishlarini amalga oshirish yoki ta'mirlash imkoniyati beriladi. Bu esa foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan ob'ektlarni zamonaviy tadbirkorlik loyihalariga jalb etish uchun muhim shart-sharoit yaratadi.
Xususiylashtirish jarayonida talabni oshirish va savdolar samaradorligini ta'minlash maqsadida sotilmay qolgan ob'ektlar bo‘yicha ham yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Agar davlat aktivi ochiq elektron auktsion yoki birja savdosida uch oy davomida sotilmasa, uning boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich, har safar 10 foizdan pasaytirish va belgilangan eng past chegaragacha tushirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, ikki oy davomida sotilmagan aktivlarni alohida lotlarga ajratish yoki birlashtirish orqali qayta savdoga chiqarish mumkin.
Mazkur mexanizmlarning asosiy maqsadi — davlat mulkini iqtisodiy aylanmaga tezroq qaytarish, ulardan samarali foydalanish, yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish va tadbirkorlik faoliyati uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishdir.
Jizzax viloyatida ham davlat aktivlarini elektron auktsion orqali realizatsiya qilish jarayonlari tadbirkorlik sub'ektlari uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, foydalanilmayotgan binolar, inshootlar va yer uchastkalarini iqtisodiy faoliyatga jalb etish hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar va ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratadi.
Elektron onlayn-auktsionlarning asosiy afzalligi — savdolarning ochiqligi, shaffofligi va raqamli shaklda amalga oshirilishidadir. Тadbirkorlar savdoga qo‘yilgan ob'ektlar haqidagi ma'lumotlar bilan tanishib, belgilangan tartibda elektron tarzda ishtirok etishlari mumkin. Bu jarayonda inson omilini kamaytirish, raqobat muhitini ta'minlash va ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, davlat aktivlarini xususiylashtirishni jadallashtirish nafaqat davlat mulkini realizatsiya qilish, balki ularni yangi investitsiya va tadbirkorlik loyihalariga aylantirish jarayonidir. Samarasiz foydalanilayotgan aktivlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish orqali yangi qiymat yaratish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish hamda hududlar iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
“Elektron onlayn-auktsionlarni tashkil etish” AJ
Jizzax viloyati hududiy vakili Farhod Murodov
