IPAK YO‘LI MAHALLASIDA ISHSIZ FUQAROLAR VA DAROMADI KAM BO‘LGAN OILALAR BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2026-09-11 16:20:00 / Yangiliklar
Mirzacho‘l tumani hokimi B. Mirzaqulov Ipak yo‘li mahallasida mahalla yettiligi va fuqarolar bilan uchrashib, aholining bandligi, daromadlarini oshirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda Respublika Xalq banki boshqaruvi vakillari hamda tegishli mas’ullar ishtirok etdi.

Yuqoridagi toifadagi fuqarolarga ish topish, tadbirkorlikni boshlash uchun moliyaviy ko‘mak olish, mavjud faoliyatini kengaytirish, chorvachilik va boshqa daromadli faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi, har bir holat bo‘yicha amaliy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Jumladan:
🔹 Tadbirkorlik boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga — faoliyat turini aniq belgilash, zarur jihoz va xomashyo xarajatlarini hisoblash, biznes-reja shakllantirish hamda imtiyozli kredit olish uchun hujjatlarni tayyorlash tartibi tushuntirildi, mahalladagi tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida mahalla binosida ular uchun maxsus o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
🔹 Mavjud biznesini kengaytirmoqchi bo‘lganlarga — qo‘shimcha mablag‘ni qaysi yo‘nalishga sarflash, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari bo‘yicha tavsiyalar berildi.
🔹 Chorvachilik bilan shug‘ullanish istagidagi oilalarga — mavjud xonadon sharoitidan kelib chiqib, chorva sonini ko‘paytirish, yem-xashak bazasini shakllantirish va yetishtirilgan mahsulotni sotish orqali daromad olish imkoniyatlari tushuntirildi.
🔹 Ishsiz fuqarolarga — mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, kasb-hunar o‘rganish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga jalb etish imkoniyatlari bo‘yicha yo‘nalish berildi.
🔹 Oilaviy tadbirkorlikni boshlash istagini bildirgan fuqarolarga — o‘z imkoniyatlari va qiziqishlaridan kelib chiqib faoliyat yo‘nalishini belgilash, biznes-rejasini shakllantirish hamda zarur mablag‘larni aniqlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Kredit olish istagini bildirgan oilalarga esa Xalq banki tomonidan oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi, kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanish, to‘lov imkoniyatini oldindan hisoblash va kreditni daromad keltiradigan faoliyatga yo‘naltirish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv yakunida fuqarolarni tegishli mas’ullarga biriktirish va har bir xonadonning imkoniyatidan kelib chiqib, barqaror daromad manbasini yaratishga qaratilgan manzilli ishlarni davom ettirish belgilandi.
