Germaniyada ta’lim turlari va dual ta’lim tizimi
2026-08-10 17:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash muhim vazifalardan biridir. Shu nuqtayi nazardan, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, xususan, Germaniyaning kasbiy ta’lim tizimi va undagi dual ta’lim modelidan foydalanish alohida ahamiyat kasb etadi.
Germaniyaning kasbiy ta’lim tizimi xalqaro miqyosda o‘zining amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirgani bilan e’tirof etiladi. Mazkur tizimning asosiy xususiyati shundaki, o‘quvchi ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni egallash bilan birga, bevosita korxona yoki tashkilotda amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradi. Shu sababli ham bu tizim “dual ta’lim” deb yuritiladi.
Germaniya ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari
Germaniyada maktab ta’limi bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, bolalar olti yoshdan boshlab boshlang‘ich maktab — Grundschule’da tahsil olishadi. Boshlang‘ich ta’limdan keyin o‘quvchilar qobiliyati, qiziqishi va kelgusidagi kasbiy yo‘nalishiga qarab turli xil ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettiradilar.
Mamlakatda o‘rta ta’limning asosiy turlaridan biri — Hauptschule, ya’ni “bosh maktab” bo‘lib, uning asosiy vazifasi o‘quvchilarni kelgusidagi kasbiy faoliyatga tayyorlashdan iborat. Ushbu maktabni tamomlagan yoshlar kasbiy ta’limni davom ettirish yoki mehnat faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yana bir yo‘nalish — Realschule yoki “real maktab” hisoblanadi. Bu turdagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga umumiy bilimlar bilan bir qatorda kelgusida kasb egallash uchun zarur bo‘lgan tayyorgarlik ham beriladi.
Gimnaziyalar esa asosan oliy ta’limga tayyorlashga yo‘naltirilgan. O‘quvchilar umumta’lim fanlari bilan bir qatorda o‘z qiziqishlariga mos maxsus fanlarni ham o‘rganadilar. Gimnaziyani muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, Germaniyada turli ta’lim yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan kompleks maktablar ham faoliyat yuritadi.
Dual ta’lim — nazariya va amaliyot uyg‘unligi
Germaniya kasbiy ta’lim tizimining eng muhim jihati — dual ta’limdir. “Dual” atamasi ta’lim jarayonining ikki joyda — ta’lim muassasasida va korxonada olib borilishini anglatadi.
Bunda o‘quvchi ta’lim muassasasida kasbiga oid nazariy bilimlarni, mehnat qonunchiligi va xavfsizlik qoidalarini o‘rganadi. Amaliy mashg‘ulotlar esa bevosita ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar yoki boshqa ish beruvchi subyektlarida tashkil etiladi.
Bu jarayon “ustoz-shogird” an’anasiga ham ma’lum darajada yaqin. O‘quvchi tajribali mutaxassis rahbarligi ostida kasb sirlarini o‘rganadi, ish jarayonida zarur ko‘nikmalarni egallaydi va nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘radi.
Germaniyada dual ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish muddati, tanlangan kasb va mutaxassislikka qarab, odatda ikki yildan uch yarim yilgacha davom etadi. Ta’lim yakunida tegishli imtihonlar o‘tkazilib, muvaffaqiyatli natija ko‘rsatgan o‘quvchiga kasbiy malakasini tasdiqlovchi sertifikat beriladi.
Ish beruvchi va ta’lim muassasasi hamkorligi
Dual ta’limning muhim ustunliklaridan biri — ta’lim muassasasi bilan ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkam yo‘lga qo‘yilganidir.
Korxonalar o‘zlariga zarur bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi. Bu esa ta’lim mazmunini mehnat bozori talablariga moslashtirish imkonini beradi.
O‘quvchi, ta’lim muassasasi va ish beruvchi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida yosh mutaxassis nafaqat diplom yoki sertifikatga, balki real ishlab chiqarish tajribasiga ham ega bo‘ladi.
Dual ta’limning yana bir e’tiborli jihati shundaki, ayrim hollarda o‘quvchilar ta’lim olish bilan birga korxonada mehnat faoliyatini olib borib, buning uchun haq olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa yoshlarning kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni mustaqil hayotga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlash
Zamonaviy iqtisodiyot sharoitida mehnat bozori tez o‘zgarib bormoqda. Yangi texnologiyalar, yangi kasblar va ishlab chiqarish usullarining paydo bo‘lishi ta’lim tizimidan ham moslashuvchanlikni talab etadi.
Dual ta’lim aynan shu jihati bilan ahamiyatlidir. Chunki o‘quvchi o‘z kasbini amaliy muhitda o‘rganadi va ish beruvchining real talablarini bevosita anglab boradi.
Natijada ta’lim muassasasi tomonidan tayyorlanayotgan mutaxassis bilan mehnat bozori ehtiyoji o‘rtasidagi tafovut kamayadi. Ish beruvchi esa o‘z korxonasining texnologik jarayonlarini yaxshi biladigan, amaliy ko‘nikmaga ega yosh mutaxassisga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston uchun Germaniya tajribasining ahamiyati
Germaniyaning dual ta’lim tajribasi O‘zbekiston uchun ham muhim amaliy ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimizda texnikum va boshqa kasbiy ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni o‘rgatish, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
2024-yil 7-dekabr kuni yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham Germaniya tajribasini o‘rganish, texnikumlar yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ularni dual ta’lim tizimiga o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Bu vazifa kasbiy ta’lim muassasalari oldiga o‘quvchilarga faqat nazariy bilim berish emas, balki ularni real mehnat jarayoniga tayyorlash, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish va yoshlarning bandligini ta’minlash kabi muhim maqsadlarni qo‘yadi.
Xulosa
Germaniyaning dual ta’lim tizimi nazariya va amaliyotning uzviy bog‘liqligi, ta’lim muassasasi va ish beruvchining hamkorligi, mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlanishi bilan ajralib turadi.
Mazkur tajribaning eng muhim jihati — yoshlarni kasbga erta yo‘naltirish, ularga amaliy ko‘nikma berish va ta’lim jarayonini bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘lashdir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish jarayonida Germaniya tajribasining ilg‘or jihatlaridan foydalanish texnikum bitiruvchilarining raqobatbardoshligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash hamda mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
-
Mattias Klinberger. Dual ta’lim — ta’lim yo‘lidagi sifatli islohot. Toshkent, 2024.
-
L. Abduazimova. Germaniya tajribasi asosida dual ta’lim turi. “Norma” jurnali, 2023.
-
R. Mamatov, I. Mamajonov. Germaniyada ta’lim tizimi. Toshkent, 2021.
-
N. Umarova. “Bosh maktab”, “real maktab” va dual ta’lim tizimi. “Kasbiy fanlar metodikasi” jurnali, Toshkent, 2012.
