Mirzacho‘l tumani hokimining davlat xizmatchilariga murojaati
2026-07-06 10:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Hurmatli davlat xizmatchilari!

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Prezidentimiz rahbarligida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida ochiqlik, shaffoflik, qonun ustuvorligi hamda halollik tamoyillarini qaror toptirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qabul qilingan qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat hujjatlari korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, davlat xizmatida halollik va mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Davlat xizmatchisi, avvalo, xalq ishonchini oqlashi, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, xolis va qonuniy asosda bajarishi lozim. Har bir rahbar va xodim o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanmasligi, har qanday noqonuniy taklif yoki bosimga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lishi shart.
Ayniqsa, bugungi kunda davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat mulkini boshqarish, kadrlarni tanlash va ishga qabul qilish, murojaatlar bilan ishlash hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilinishi har bir davlat xizmatchisining asosiy vazifasidir.
Har bir xodim korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga mas’uldir. Agar korrupsiyaga undash, noqonuniy manfaat taklif etish yoki boshqa shunday holatlarga duch kelinsa, bu haqda zudlik bilan bevosita rahbariyatga yoki vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda xabar berilishi lozim.
Shuni alohida ta’kidlaymanki, manfaatlar to‘qnashuvini yashirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bermaslik yoki ularga sherik bo‘lish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hurmatli hamkasblar!
Mirzacho‘l tumani hokimligi jamoasi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri – fuqarolarga sifatli va adolatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning ishonchini mustahkamlash hamda "Halollik – eng oliy qadriyat" tamoyilini kundalik faoliyatimiz mezoniga aylantirishdir.
Barchangizni xizmat burchingizni sidqidildan ado etishga, qonunlarga so‘zsiz rioya qilishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga hamda xizmat intizomi va kasb odobiga qat’iy amal qilishga chaqiraman.
Faqat halol, mas’uliyatli va fidokorona mehnat orqaligina xalqimiz ishonchini oqlash, yurtimiz taraqqiyoti va Mirzacho‘l tumanining ravnaqiga munosib hissa qo‘shishimiz mumkin.
Botirjon Kazakboyevich Mirzakulov
Mirzacho‘l tumani hokimi
