Mirzacho‘l tumani hokimining korrupsiyaga qarshi kurashish masalasidagi murojaati
2026-07-06 09:45:00 / Yangiliklar
Hurmatli Mirzacho‘l tumani aholisi!

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga, iqtisodiy rivojlanishga hamda fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatdir. Shu bois ushbu illatga qarshi kurashish nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning ham muhim burchidir.
Bugungi kunda davlat organlari faoliyatida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, raqamlashtirish, davlat xaridlarining ochiqligini ta’minlash hamda ishga qabul qilish jarayonlarini shaffof tashkil etish orqali korrupsiyaning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi qonunchilikda zarur kafolatlar belgilangan.
Hurmatli yurtdoshlar!
Mirzacho‘l tumani hokimligi faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari ustuvor hisoblanadi. Har bir murojaat qonuniylik asosida ko‘rib chiqiladi. Hech qanday noqonuniy manfaat yoki g‘ayriqonuniy talabga yo‘l qo‘yilmaydi.
Barcha davlat xizmatchilari xizmat vazifalarini halollik va vijdonan bajarishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi hamda korrupsiyaga oid har qanday holat yuzasidan belgilangan tartibda tegishli rahbarlarni yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor qilishi shart.
Aziz tumandoshlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashishda sizning faol fuqarolik pozitsiyangiz muhim ahamiyat kasb etadi. Agar siz korrupsiyaga oid holatlarga duch kelsangiz yoki bunday holatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, bu haqda vakolatli organlarga xabar berishingizni so‘raymiz.
Ishonchim komilki, barchamizning hamjihatligimiz, qonunga hurmat va halollik tamoyillariga sodiqligimiz tufayli Mirzacho‘l tumanida korrupsiyaga mutlaqo murosasiz muhitni yanada mustahkamlaymiz.
Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va kelajak avlod manfaatlari yo‘lida birgalikda harakat qilaylik!
Botirjon Kazakboyevich Mirzakulov
Mirzacho‘l tumani hokimi
