Ijtimoiy moslashtirish oyligi doirasida yoshlar uchun ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi
2026-06-26 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbir Mirzacho‘l tumani Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya guruhi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda probatsiya nazoratida bo‘lgan yoshlar, Mirzacho‘l tuman markaziy axborot-kutubxona markazi xodimlari hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir davomida kitob mutolaasining inson kamolotidagi beqiyos o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi. So‘zga chiqqan mutaxassislar muntazam kitob o‘qish inson tafakkurini charxlashi, fikrlash doirasini kengaytirishi, xotirani mustahkamlashi, mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda yoshlarni ezgu g‘oyalar sari yetaklashini alohida ta'kidladilar.
Shuningdek, Mirzacho‘l tuman markaziy axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitobni qadrlash, badiiy va ilmiy adabiyotlarga qiziqishni oshirish yuzasidan ma'ruzalar o‘qildi. Ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Tadbirning amaliy qismida yoshlar kutubxona faoliyati, zamonaviy kitoblar fondi, elektron xizmatlar hamda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi. Ularga kutubxonadan samarali foydalanish tartibi tushuntirilib, mutolaa orqali shaxsiy rivojlanishga erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yakuniy qismda tadbir ishtirokchilari Mirzacho‘l tuman markaziy axborot-kutubxona markaziga a'zo qilinib, ularga muntazam ravishda kitob mutolaa qilish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va bilimlarini oshirib borish tavsiya etildi.
Mazkur tadbir yoshlarni ijtimoiy moslashtirish, ularning ma'naviy-axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda kelgusida jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
