Mirzacho‘l tumaniga Xitoylik investorlar tashrif buyurdi
2026-04-22 18:05:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida Mirzacho‘l tumani hokimligida rasmiy uchrashuv tashkil etilib, unda tuman rahbariyati, mutasaddi tashkilotlar hamda soha vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida hududning investitsion salohiyati, mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslari, sanoatni rivojlantirish yo‘nalishlari hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Xususan, tuman hududida sanoat zonalarini kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, logistika infratuzilmasi, kommunikatsiya tarmoqlari hamda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun mavjud bo‘lgan bo‘sh yer maydonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolari tomonidan ushbu imkoniyatlar yuqori baholanib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirildi.
Tashrif davomida mehmonlar tumandagi ayrim ishlab chiqarish obyektlari va istiqbolli loyiha hududlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Bu esa kelgusida aniq investitsiya loyihalarini shakllantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
