27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan 35 nafar teatr san’ati vakillari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
2025-03-27 22:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtda 27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Butun dunyoda 27-mart – Xalqaro teatr kuni sifatida nishonlanadi.
Sana munosabati bilan 21–27-mart kunlari yurtimizdagi barcha davlat teatrlarida “Teatr tomoshalari haftaligi” yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur haftalik davomida Madaniyat vazirligi tizimidagi 37 ta davlat teatrlari tomonidan 283 ta tomoshalar namoyish etilgan bo‘lib, ushbu tomoshalarga 103 ming nafardan ortiq tomoshabinlar tashrif buyurdi. Shuningdek, turli joylarda fleshmoblar o‘tkazildi.
Bugun, poytaxtda 27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda 100 nafardan ortiq teatr san’ati vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nutq so‘zlab, tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabrikladi.
“Bu dargohda tomoshabin aktyorlarning nafaqat nigohini, balki nafasini ham jonli his qilib turadi.
Sahnada o‘zini, atrofidagilarni, bir so‘z bilan aytganda, hayotni ko‘radi. Aktyorlar bilan birga yashaydi, yig‘laydi, kuladi...
Shu ma’noda, teatrni hayot ko‘zgusi deyish mumkin.
Bugungi globallashuv davrida, turli mafkuraviy xurujlar, inson madaniyatiga tahdidlar kuchaygan bir sharoitda teatrlarning ahamiyati har qachongidan ham yuksak, desak mubolag‘a bo‘lmaydi” - dedi Ozodbek Nazarbekov.
Tadbir davomida 27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan 35 nafar teatr san’ati vakillari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.