Poytaxtda “Ajdodlar ohanglari: qo‘biz va jirov” hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2025-03-07 13:30:00 / Yangiliklar

YUNESKO va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida “An’anaviy Qo‘biz musiqiy cholg‘usini yasash va Jirov ijrochilik san’atini muhofaza qilish” loyihasi amalga oshirildi.
Kuni kecha poytaxtda “Ajdodlar ohanglari: qo‘biz va jirov” hujjatli filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda, O‘zbekiston madaniyat vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Akbarov, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl xonim, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Rasul Zarekeevlar ishtirok etishdi.
Taqdimotda O‘zbekiston madaniyat vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Shohrux Akbarov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “Ajdodlar ohanglari: qo‘biz va jirov” hujjatli filmining taqdimotidagi nutqini taqdimot ishtirokchilariga o‘qib eshittirdi.
"O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi munosabatlar chorak asrdan oshib, mustahkam hamkorlik asosida davom etmoqda. Ushbu tashkilot bilan hamkorlik xalqimizning boy madaniy-ma’naviy qadriyatlarini saqlash va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yillar davomida Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy-me’moriy yodgorliklar, Chotqol biosferasi hamda 16 ta nomoddiy madaniy merosimiz YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu yutuqlar YUNESKOning xalqimiz madaniy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarining yorqin ifodasidir" - deyiladi vazir nutqida.