Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “Ajdodlar ohanglari: qo‘biz va jirov” hujjatli filmining taqdimotidagi nutqi
2025-03-07 13:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli tadbir ishtirokchilari!
O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi munosabatlar chorak asrdan oshib, mustahkam hamkorlik asosida davom etmoqda. Ushbu tashkilot bilan hamkorlik xalqimizning boy madaniy-ma’naviy qadriyatlarini saqlash va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yillar davomida Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy-me’moriy yodgorliklar, Chotqol biosferasi hamda 16 ta nomoddiy madaniy merosimiz YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Bu yutuqlar YUNESKOning xalqimiz madaniy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi amaliy sa’y-harakatlarining yorqin ifodasidir.
Shuningdek, YUNESKO homiyligida yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro festivallar, jumladan, Xalqaro “Sharq taronalari” musiqiy festivali, Maqom san’ati anjumani, Baxshi san’ati xalqaro festivali hamda Lazgi xalqaro raqs festivali tashkilot bilan hamkorligimizning mustahkam belgisi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasining o‘tkazilishi O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikning yuksak darajaga chiqqanidan dalolatdir.
Bugun yana bir tarixiy voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz. “An’anaviy Qo‘biz musiqiy cholg‘usini yasash va Jirov ijrochilik san’atini muhofaza qilish” loyihasi YUNESKO va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamkorligida amalga oshirildi.
Ushbu tashabbus qoraqalpoq xalqi nomoddiy madaniy merosini asrab-avaylash, Qo‘biz va Jirov ijrochilik san’atini kelajak avlodga yetkazish hamda uni targ‘ib qilishda katta ahamiyatga ega. Bu loyiha O‘zbekiston va qoraqalpoq xalqi uchun madaniy merosimizni muhofaza qilishdagi yana bir muhim qadam hamda ulkan yutuqdir.
Ishonamizki, kelajakda yurtimizning boy madaniy merosi YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatidan yana ko‘plab o‘rin egallaydi.