Soha vakillari uchun 2025-yilning I choragi davomida qator iqtisodiy o‘qishlar rejalashtirilgan
2025-01-29 09:30:00 / Yangiliklar

Kuni kecha 2025-yil davomidagi ilk iqtisodiy o‘qishni madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov ochib berib, bugungi kunda respublika tizim tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalarida ijro intizomini samarali tashkil etishda asosiy kamchiliklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF–6166-son Farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi PQ–5132-son qarori mazmun mohiyatini mukammal bilmaslik, Farmon va qaror talablaridan kelib chiqqan holda kelgusida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni oshirish to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Jalilov so‘z olib, yuqorida keltirilgan Farmon va qaror, topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash, ijro intizomini yanada samarali tashkil etish, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan xato, kamchiliklar va qoloqliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan boshqaruvning barcha darajadagi rahbar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish bilan bog‘liq chora-tadbirlar to‘g‘risida ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng vazirlikning Ijro intizomi va devonxona bo‘limi boshlig‘i Shukurov tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimida davlat organlari va tashkilotlarida qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarning amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi hamda topshiriqlarni nazoratdan olish va belgilangan muddatlarda amalga oshirish imkoni bo‘lmagan topshiriqlar muddatini uzaytirish tartibi bo‘yicha tushuntirish berildi.
“Edo.ijro.uz” tizimi haqida batafsil tushuntirish berish maqsadida “Unicon Soft” MChJ Toshkent shahar filiali bo‘lim boshlig‘i Komolovga so‘z berildi.
Topshiriqlarni tizimga kiritish, devonxona sozlamalari, kiruvchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, tashkilotda qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarni kirim qilish, kirim qilingan hujjatlarni tahrirlash, hujjatlar saqlanadigan joy, tashkilotda murojaatlarni kirim qilish va ularni tahrirlash, shuningdek “Edo.ijro.uz” tizimining afzallik va qulayliklari bo‘yicha bir qator ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng, iqtisodiy o‘qishda qatnashgan Vazirlar Mahkamasi mas’uli va hamkor tashkilotlar mas’ullariga minnatdorchilik bildirilib, yig‘ilish ichki tartibda davom ettirildi.
Yigʻilishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar, avval berilgan topshiriqlarning bajarilishi hamda kun tartibidagi masalalarga alohida urg‘u berilib, bir qator bajarilgan va bajarilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokamasi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Yig'ilishda vazirlik markaziy apparatining tegishli bo'linma rahbari hamda hududiy va tizim tashkilotlari rahbarlari hududiy studiyalardan onlayn ishtirok etishdi.
Ma’lumot o‘rnida, Prezidentning 2021- yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qarori talablaridan kelib chiqqan holda tashkilotlarda ijro intizomini mustahkamlashda erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, hududiy tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining bilim hamda ko‘nikmalarini mustahkamlash uchun 2025-yilning yanvar, fevral, mart oylarida bir qator iqtisodiy o‘qishlar rajalashtirilgan.