O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” mavzusidagi NUTQI
2024-10-24 10:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum, hurmatli anjuman qatnashchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz, azizlarni mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida ko‘rib turganimizdan behad mamnunligimizni bildirmoqchiman.
Bugungi nufuzli tadbirda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xorijiy delegatsiyalar rahbarlariga, ilm-fan va madaniyat arboblariga, yetakchi ekspertlarga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga, umuman, barcha-barchangizga samimiy hurmat va ehtiromimizni izhor etamiz.
Jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan, Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Navoiy, Kamoliddin Behzod, Ogahiy singari buyuk allomalarni kamolga yetkazgan
O‘zbekistonga – tinchlik, do‘stlik va ilm-ma’rifat diyoriga xush kelibsiz!
Aziz do‘stlar!
Bugun barchamiz zamon naqadar shiddat bilan o‘zgarib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Jahondagi geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ayrim mintaqalarda ziddiyatlar kuchaymoqda.
Mafkuraviy tahdidlar o‘z shaklini kun sayin o‘zgartirib, jamiyatlar ichida ma’naviy tanazzul ildiz otmoqda.
“Ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, qadriyatlarga putur yetkazmoqda.
Nafaqat bir mamlakat, balki butun insoniyat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgan mana shunday tahdidlar sharoitida aynan madaniyat xaloskor kuch bo‘lib maydonga chiqishi zarur.
Chunki mafkuraviy tajovuzga qarshi qandaydir chegara yoki to‘siq qo‘yib kurashib bo‘lmaydi.
Unga qarshi faqat mafkuraviy qurolgina yordam bera oladi.
Bunga tariximizdan istalgancha misollar keltirish mumkin.
Bizning ajdodlarimiz hamisha jaholatga qarshi ma’rifat bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘z aql-zakovati va salohiyatini ilm-fan, madaniyat rivojiga bag‘ishlaganlar.
Lekin, shu o‘rinda, bir muhim jihatga alohida urg‘u berib o‘tishni istardim.
Bu tabarruk zamindan Xorazmiylar, Farg‘oniy, Beruniy yoki Zamahshariylar o‘z-o‘zidan yetishib chiqmagan.
Navoiy yoki Bobur Mirzo birdaniga buyuk shoir bo‘lib tug‘ilib qolmagan.
O‘sha davrlardagi ilmiy-madaniy muhit jamiyatga ayni mana shunday buyuk shaxslarni, dunyo tan olgan olimu fuzalolarni yetishtirib bergan.
Shu ma’noda, bugun O‘zbekistonda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiliklarida ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot rivojiga juda katta e’tibor qaratilmoqda.
“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-mafkuraviy immunitetini yuksaltirish, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikni mustahkamlash yo‘lida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Hatto pandemiya davrida ham madaniyatga jiddiy ahamiyat berildiki, bu – mamlakatimizda ushbu soha har qanday vaziyatda ham muhim hisoblanishini anglatadi.
O‘zbekistonda bugungidek yirik xalqaro anjumanlar, xalqaro forumlar, turli festivallar tashkil etilayotgani ham bejiz emas.
Bunday muloqotlar davomida o‘rtaga tashlanayotgan mavzular, bildirilayotgan fikr-mulohazalar, muammolarni hal qilishga doir yechimlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda ezgulikni targ‘ib qilish, yoshlarni g‘oyaviy xurujlardan asrashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu o‘rinda ayrim misollarni e’tiboringizga havola etsam.
So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda sohaga oid 4 ta Qonun, Prezidentning 40 ga yaqin Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 120 dan ortiq qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
Ilk bor madaniy faoliyat masalasida alohida Qonun, Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilindi.
Soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilandi.
Ijodkorlar va ijrochilarni davlat tadbirlari va boshqa marosimlarga jamoatchilik asosida jalb qilishdek sohada uzoq yillardan buyon og‘riqli masala bo‘lib kelayotgan muammoga Davlatimiz rahbari Farmoni bilan chek qo‘yildi.
Yurtimizda jonli ijroni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator mexanizmlar amaliyotga tatbiq etildi.
Jumladan, to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish joriy qilindi.
Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teatr – bu ibratxonadir” deya ta’kidlaganlar. Chindan ham, inson ma’naviyatini, tafakkurini yuksaltirishda teatrning o‘rni beqiyos.
Shu bois mamlakatimizda teatr san’atini rivojlantirish yo‘lida ham ulkan ishlar olib borilmoqda.
2022-yildan boshlab “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosida teatrlarga har yili 40 ta yangi spektaklni sahnalashtirish uchun davlat buyurtmalari berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Navoiy, Namangan, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari qo‘g‘irchoq teatrlari yangidan tashkil etildi hamda yangi bino
va inshootlar bilan ta’minlandi.
Mana shunday ezgu sa’y-harakatlar natijasida 2017-yilda birgina tarixiy asarlar soni 35 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ular soni 150 tadan ortdi. Tomoshabinlar tashrifi esa yillik 1 – 1,5 million nafardan 3,5 million nafarga oshdi.
Umuman, sohani rivojlantirish yo‘lida juda katta kuch va mablag‘ sarflanmoqda.
Sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 152,8 mlrd so‘mlik 36 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishlab chiqildi.
O‘zbekistonning ko‘p yillik tarixini tiklash, unut bo‘lib ketayotgan milliy an’ana va qadriyatlarini yosh avlodga bus-butun yetkazish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati va Respublika baxshichilik san’ati markazlari hamda uning huzurida Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi.
Qolaversa, aholiga milliy va jahon madaniyati namunalari asosida sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim sohasi esa bizning eng muhim yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi.
2019-yilgacha Madaniyat vazirligi tasarrufida 333 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, ayni paytda bu raqam 367 tani tashkil etmoqda.
Xususan:
Toshkent shahrida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti kabi qator yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari, shuningdek, maqom, opera va baxshichilik san’ati yo‘nalishida o‘rta maxsus ta’lim muassasalari tashkil etilib, 23 tadan 31 taga;
hududlarda bolalar musiqa va san’at maktablari soni 305 tadan 325 taga yetkazilib, bolalar qamrovi 88 mingdan oshdi;
ilmiy tadqiqot muassasalari va malaka oshirish markazi 2 taga yetkazildi.
Prezidentimiz tomonidan bizning oldimizga olis hududlardagi aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish talabi qo‘yilgan. Ayni yo‘nalishda ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan:
Tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 ta zamonaviy maxsus avtotransport vositasi xarid qilindi. Ular orqali har yili hududlarda “Madaniyat karvoni”, “Kinokarvon” tadbirlari tashkil etilib, teatrlar hamda professional ansambllarning konsert-tomosha dasturlari taqdim etib kelinmoqda.
Hududlarning o‘zarolik tamoyili asosida “Madaniyat kunlari”, “Mahallada duv-duv gap” tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Albatta, raqamlar ko‘pincha ulkan mehnat va yosh avlodga yaratilayotgan imkoniyatlar mohiyatini to‘la-to‘kis ochib bera olmaydi.
Misol uchun, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi huzurida Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri tashkil qilinganini raqamlarda aytilsa, unchalik ham e’tiborni tortmasligi mumkin.
Biroq Farg‘ona vodiysi ahli va yoshlari uchun bu ma’rifat maskani shunchalik ahamiyatliki, uni hech bir raqam bilan to‘la-to‘kis ifodalab bo‘lmaydi.
Yoki Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” tashkil etilganligi zamirida musiqiy merosimizni asrash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazishdek ezgu niyat mujassam ekanligi ulkan ma’naviy ahamiyatga ega.
O‘z navbatida, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, O‘zbekiston davlat konsyervatoriyasi, vazirlik tizimidagi 4 ta oliy ta’lim muassasasining Farg‘ona, Urganch hamda Nukus filiallari tashkil etilganligi amaliy ishlarimizning yorqin natijasi hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida nomoddiy madaniy merosning mahalliy
va milliy ro‘yxatlarini shakllantirish va muntazam boyitib borish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2017-yilda 358 ta mahalliy va 56 ta milliy nomoddiy madaniy meros elementlari ro‘yxatga olindi.
2024-yilga kelib esa mahalliy elementlar soni 897 taga hamda milliy elementlar soni 72 taga ko‘paytirildi.
Nomoddiy madaniy merosni ilmiy o‘rganish bo‘yicha 1 ta xorijiy (kelgusi yillarda 7 ta davlatda) va 10 ta mahalliy ekspedisiya tashkil etildi.
Yurtimizda Xalqaro maqom san’ati anjumani, baxshichilik san’ati, hunarmandchilik festivallari, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlarni o‘tkazish an’anaga aylandi.
Bu o‘ziga xos san’at bayramlari bebaho madaniyatimiz, an’ana va qadriyatlarimizni dunyo hamjamiyatiga namoyish etish, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish bilan birga, O‘zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu da’vati bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Mamlakatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasida kuy ijro etish ko‘nikmasini o‘rgatish talabi qo‘yilgan.
Bu nima uchun kerak? Shuning uchun kerakki, musiqiy bilim o‘quvchida hech bo‘lmasa asarlarni saralay olish fazilatini shakllantiradi. Ya’ni bu orqali biz yuqori didli muxlislarni tarbiyalaymiz va ertaga ular saviyali ijro bilan saviyasiz ijroni farqlay oladigan bo‘lib yetishadi.
Jamiyatda musiqiy bilim shakllansa, ijodkor ham, muxlislar ham birdek yuksaladi. Bunday muhitda o‘zlik, milliy san’at o‘z-o‘zidan saqlanadi, rivoj topadi.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi jamoalari tomonidan lektoriy konsertlarini muntazam o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Umuman, madaniyat va san’at yo‘nalishida ta’lim olayotgan, ijod bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarimiz o‘z natijalarini bermoqda.
Masalan, 2023-yilda Ozarbayjonda o‘tkazilgan mug‘om san’ati bo‘yicha nufuzli festivalda 10 ga yaqin davlat vakillari orasida O‘zbekiston o‘quvchilari barcha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Biz ularni katta bayram qilib kutib oldik. Chunki o‘quvchilar bilan bog‘liq bunday katta natija tarixda bo‘lmagan.
Ushbu quvonchli xabardan bir oz o‘tib, aynan Ozarbayjonda tashkil etilgan, 20 dan ziyod davlatdan 70 nafardan ortiq san’at vakillari ishtirok etgan “Mug‘om olami” xalqaro festivalida O‘zbekiston vakilasi Gran-Pri sohibasi bo‘ldi!
Ikki nafar talabamiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Bu, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarning mevalaridir.
Qadrli tadbir qatnashchilari!
2016 – 2024-yillarda 11 ta nomoddiy madaniy meros ob’yekti YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Navro‘z va Palov madaniyati va an’analari (2016-yil), atlas va adras to‘qish (2017-yil), “Xorazm raqsi – lazgi” (2019 yil), Miniatyura san’ati (2020-yil), Baxshichilik san’ati (2021-yil), Nasriddin afandi latifalarini aytish an’anasi (2022-yil) nomoddiy madaniy meros ob’yektlari shular jumlasidandir.
E’tirof etish joizki, O‘zbekistonning madaniyat va san’at sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi so‘nggi 5 yil davomida yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning madaniy diplomatiyasi shakllandi.
AYSESKO, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi kabi xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarimiz yanada faollashdi. Biz ushbu xalqaro tuzilmalar bilan birgalikda turli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
Jumladan, 2025-yilda “Samarqand – islom dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qilingani, aynan ushbu shaharda AYSESKOning Qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish makrazini tuzish ustida ish olib borilayotgani, Turk dunyosi tarixiy-madaniy merosining yagona normativ bazasi – Turk xeriteyj (Turk heritage) loyihasi yuqoridagi fikrlarimizga misol bo‘la oladi.
O‘z navbatida, biz madaniyatlar almashinuviga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Xususan, 24 ta xorijiy davlatda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, 10 dan ortiq xorijiy davlatning O‘zbekistonda madaniyat kunlari o‘tkazildi.
“O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini berish tizimi joriy qilindi.
Yana bir ahamiyatli jihati, 2024-yilda Samarqand shahri MDH davlatlari “Madaniyat poytaxti” deb e’lon qilindi.
Mamlakatimizda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida “Madaniyat to‘lqinlari”, “Ko‘cha san’ati va musiqasi”, “Yulduz bilan sayohat” loyihalarini amalga oshirish hamda har oyning bir kunini “Teatr kuni” sifatida o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Turizm ob’yektlarida ijodiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini doimiy taqdim qilib borish tizimi joriy etildi.
Bunday yutuq va natijalarni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin.
Biz kelgusida ham madaniyat va san’at sohasini jadal rivojlantirish orqali O‘zbekistonning bu boradagi salohiyatini xalqaro miqyosda yanada keng namoyon qilamiz, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan-da kuchaytiramiz.
Aziz do‘stlar!
Mazkur Haftalik doirasidagi tadbirlar orqali Yangi O‘zbekistonda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, xalqimizning boy va betakror an’analari, madaniyati va san’ati, tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishib, ulkan taassurot olasiz, degan umiddaman.
So‘zimning xulosasi sifatida bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim.
Agarki mendan bugungi globallashgan va murakkab davrda insoniyatni nima qutqaradi, deb so‘rasangiz, bizni faqat madaniyat qutqaradi deb baralla aytgan bo‘lardim.
Yangi O‘zbekiston dunyoga bag‘rini ochib, o‘zining boy madaniyatiga tayangan holda, jahon xalqlarini ezgu maqsad yo‘lida hamjihat bo‘lishga chorlaydi.
Barchamiz madaniyat atrofida birlashib, yelkama-yelka turib, inson madaniyatini asrash yo‘lida dadil va qat’iy intilishimiz zarur.
Keling, birgalikda madaniyatimizni asraylik!
Kelajak avlodga go‘zal va betakror madaniyatimiz hamda qadriyatlarimizni meros qilib qoldiraylik.
Yangi O‘zbekiston bugun ayni mana shu strategiyaga tayyor!
E’tiboringiz uchun rahmat!