“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali haqidagi brifing PRESS-RELIZI
2024-08-26 20:00:00 / Yangiliklar

Bugun, Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini yoritish maqsadida tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy OAV vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Madaniyat vazirligi mas'ullari ishtirok etishdi.
Brifing davomida, 1997-yilda tashkil etilib, ilk marotaba o'tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurishgan bo‘lsa 2019-yilda o‘tkazilgan XII “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetganligi hamda 2024-yilning 26-30-avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlari vakillari qatnashishi kutilayotganligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini yoritish maqsadida , dunyoning 30 ga yaqin davlatlarining 85 ga yaqin xorijiy va mahalliy OAVlarining 130 nafarga yaqin vakillari ushbu festivalni yoritish uchun Samarqandga tashrif buyurishganligi aytib o‘tildi.
Brifing yakunida, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarov O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning OAV vakillariga bildirilgan so‘zlarini yetkazdi. Unda shunday deyilgan edi:
“Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari, festivalni yoritish uchun sizlarga yuborgan takliflarimizga labbay deya javob berib, ayni kunlarda O‘zbekistonga tashrif buyurganingizdan benihoya xursandman, xususan xalqaro madaniy almashinuvlarga ko‘prik bo‘layotganingiz, shuningdek, globallashuv davrida madaniy aloqalarni mustahkamlashdek xizmatda kamarbasta bo‘layotganingizdan minnatdorman, ushbu sharafli xizmatda kuch-quvvat hamda muvaffaqiyat tilayman.”