Asosiy kontentga o'tish

“Teatr” jurnalining 3-soni nashrdan chiqdi

2024-07-10 12:25:00 / Yangiliklar

San'atimiz va madaniy hayotimizdagi muhim yangiliklarni yoritib boruvchi, yangi spektakllar tahliliga, ilmiy mushohadalarga boy “Teatr” jurnalining 3-soni nashrdan chiqdi.

Bosh maqolada davlatimiz rahbarining Botir Zokirov haykalining ochilish marosimidagi nutqi o‘rin olgan bo‘lib, buyuk san’atkorimizning bemisil san’ati, yorqin xotirasi haqida so‘z boradi. 


Axborot  texnologiyalarining sahnadagi ahamiyatini aks ettirgan Xalqaro bolalar teatrlari + IT festivalidagi taassurotlar “Bolalar dunyosiga yangicha nigoh” tashlashga undaydi. Jurnal sahifalarida iste’dodli rejissiyor Malika Iskandarovaning sohaga oid teran fikrlari, serqirra ijodkor Marat Azimovning samarali faoliyati bilan ham tanishishingiz mumkin. 


Jurnal an’anasiga muvofiq yangi spektakllar taqdimotini sizga yetkazishda davom etamiz! Kinorejissyor Jahongir Qosimovning teatrda sahnalashtirgan “Avtohalokat” spektakli hayrat va e’tirofga sabab bo‘ldi, bu haqida “Avtohalokat”dan keyingi o‘ylar maqolasidagi mutaxassis fikri sizni befarq qoldirmaydi. O‘z dolzarbligi va ta’sirchanligi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan spektakl “Kunduzsiz kechalar”ning yangicha talqini sahna yuzini ko‘rdi.

Yosh aktyorlar tomonidan Cho‘lpon shaxsiyatiga qanchalar yangi ruh bag‘ishlanganini “Yorqin yulduz – Cho‘lpon” maqolasida o‘qish mumkin. Poytaxtimizdagi teatrlarda namoyish etilayotgan ushbu spektakllar tahlili sizni teatr tomon chorlasa ajab emas. 


San’atga umrini bag‘ishlagan insonlar mudom shogirdlari ardog‘ida! “Sahna bilan hamnafas umr” va “Ustoz ibrati” maqolalarini o‘qib, bunga amin bo‘lasiz.  “Matonatli ona timsoli” maqolasida sevimli aktrisa Maryamxonim Ixtiyorova hayoti va ijodi xotirlanadi. 


Shuningdek, Navoiy viloyatida yangi ochilgan teatr va Sirdaryo teatrining Qozog‘istonga tashrifi, Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatridagi yangiliklar hamda O‘zbekiston davlat satira teatrining istiqbolli hamkorlik aloqalari haqida batafsil tanishishingiz mumkin. 


Jurnalimiz tashabbusi bilan chop etib borilayotgan pyesalarning navbatdagisi – ustoz Ma’mur Umarov qalamiga mansub. “Oyposh” komediyasi bir vaqtning o‘zida ham kuldirib, ham o‘ylantiradi. 


Bir so‘z bilan aytganda, “Teatr” jurnalining yangi soni ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishingizga sabab bo‘lib, san’atimiz va madaniy hayotimizdagi yangiliklarga sizni oshno etadi. Shunday ekan, “Teatr” jurnalining uchinchi sonini o‘qishga shoshiling! Mutolaa zavqi sizga yor bo‘lsin!

222

Oxirgi yangilanish: 2024-07-10 12:47:03