KONIMEXDA RESPUBLIKADA YAGONA BO'LGAN "TURIZM OVULI" TASHKIL ETILMOQDA
2026-10-12 09:25:00 / Yangiliklar

Konimex tumanida turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, xususan, cho'l turizmini tashkil etish maqsadida “Yangiqazg‘an” ovulini Respublikada yagona bo'lgan zamonaviy turizm ovuliga aylantirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Hududdagi turizm obyektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llari ta’mirlanib, asfaltlashtirildi. Bu esa sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish va ovulning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev “Yangiqazg‘an” ovulida bo‘lib, safari o‘tovli lager faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyekti vakillari bilan uchrashdi. Muloqot davomida tadbirkorning faoliyatini kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda sohaga doir takliflar o‘rganildi.
Shuningdek, cho‘l turizmini rivojlantirishda "Misr tajribasi" ni tatbiq etish, sayyohlar uchun yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish hamda hududning turistik imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Asosiy maqsad — “Yangiqazg‘an” ovulini milliy qadriyatlar, betakror cho‘l tabiati va zamonaviy turizm xizmatlarini o‘zida mujassam etgan jozibador sayyohlik maskaniga aylantirish.









