Tadbirkorlik islohotlari: qulay muhit va yangi kafolatlar
2026-10-01 09:10:00 / Yangiliklar

Davlat va tadbirkor o'rtasidagi munosabatlar shunchaki nazorat yoki tartibga solishdan emas, balki mustahkam ishonch va teng huquqli sheriklikdan iborat bo'lishi kerak.
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o'tkazilgan VI ochiq muloqoti ana shu tamoyilning amaliy ifodasiga aylandi. Unda belgilangan vazifalar asosida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-175-sonli Farmoni mamlakatimizda biznes muhitini tubdan yengillashtirish, ma'muriy g'ovlarni olib tashlash va tadbirkorlarga real erkinlik berishda yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu hujjat shunchaki qog'ozdagi tashabbuslar to'plami emas, balki har bir tadbirkorning kundalik faoliyati, moliyaviy barqarorligi va huquqiy himoyasiga bevosita ta'sir qiluvchi amaliy islohotlar majmuidir. Islohotlar tadbirkorlar faoliyati va sarmoyaviy muhitga bevosita quyidagicha ijobiy ta'sir ko'rsatadi:
Tekshiruvlar cheklanadi: 3 yillik moratoriy va xotirjam faoliyat
3 yillik moratoriy: Kichik tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy e'lon qilindi (jinoyat ishi, sog'liq va mehnat huquqlari, QQS qaytarishi bilan bog'liq holatlar mustasno). Bu biznesga doimiy xavotirsiz o'z faoliyatini kengaytirishga imkon beradi.
«Samarali nazorat» va takroriy tekshiruvlarga cheklov: Biznes-ombudsman oxirgi 3 yildagi tekshiruvlarni chuqur o'rganib, noqonuniy tekshiruvlar bo'yicha tadbirkorlar huquqini tiklaydi. Bir yil davomida qayta tekshiruv o'tkazish faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.
«Birinchi xato uchun — ogohlantirish» qoidasi: Birinchi marta qoidabuzarlik sodir etgan, aholi hayoti va mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorlarga jarima qo'llanmaydi, balki kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.
Tashabbuskorlik auditi: Mustaqil auditdan o'tib, aniqlangan xatolarni 30 kunda bartaraf etgan o'rta va yirik biznes sub'ektlariga moliyaviy jarimalar qo'llanmaydi va davlat soliq auditi o'tkazilmaydi.
Moliyaviy yuk yengillashadi: Amnistiya, qarzlarni bekor qilish va arzon infratuzilma
Ikkinchi imkon» amnistiyasi: Asosiy soliq qarzi to'langanda, unga hisoblangan penyalar to'liq hisobdan chiqariladi va ijro ishlari tugatiladi. Soliq hisobotiga mustaqil tuzatish kiritganlarga penya hisoblanmaydi va reyting ballari tushirilmaydi.
Eski jarima va qarzlarni bekor qilish: 2026 yil 1 yanvargacha shakllangan soliq hisobotini kechiktirganlik uchun qo'llangan va to'lanmagan moliyaviy jarimalar to'liq hisobdan chiqariladi.
Jarimalar miqdori 2 baravar kamayadi: Barcha turdagi moliyaviy va ma'muriy jarimalar xatlovdan o'tkazilib, ularning miqdori mutanosiblik prinsipi asosida o'rtacha 2 baravargacha kamaytiriladi.
Resurs va infratuzilma yengilliklari: Elektr va gaz bo'yicha oylik avans to'lovi 15 foizga tushirilib, yozma hisobot berish tartibi bekor qilinadi. Qiymati 200 mlrd so'mdan oshadigan loyihalarda tashqi infratuzilma qurish xarajatlari Davlat byudjeti tomonidan qoplanadi. Naqd puldagi to'lovlar chegarasi BHMning 400 baravariga oshirildi.
3. Tadbirkor haqligi tan olinadi: Huquqiy ustunlik va sud himoyasi
Isbotlash majburiyati davlat zimmasida: Davlat organi va tadbirkor o'rtasidagi nizolarda tadbirkor haq deb hisoblanadi, qarorning qonuniyligi va aybni isbotlash majburiyati to'liq davlat organiga yuklanadi.
Noaniqliklar biznes foydasiga: Qonunchilikdagi barcha bartaraf etib bo'lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar so'zsiz tadbirkor foydasiga talqin qilinadi.
Sud qarorlari ijrosi kafolati: Ma'muriy sud qarori 30 kunda qayta ko'rib chiqilmasa, tadbirkorga nisbatan har qanday ta'sir chorasini qo'llash taqiqlanadi.
Biznesni kengaytirish va startaplar: Investisiya va sarmoya imkoniyatlari
«Kelajak tadbirkori» dasturi: «UzVC» fondi tomonidan 8 ta ustuvor yo'nalishdagi startap loyihalariga 5 milliard so'mgacha mablag' 3 yil muddatga foizsiz va garovsiz taqdim etiladi.
«Startap investori» imtiyozi: Startaplarga sarmoya kiritgan va ulushini 3 yildan ortiq saqlagan investorlar ulushni sotishdan olgan daromadi bo'yicha daromad solig'idan ozod qilinadi.
Moliyaviy ko'mak va turizm rag'bati: Kredit va lizing bo'yicha 10 milliard so'mgacha (75 foizgacha) kafilliklar beriladi. Mehmonxona qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratilgan kreditlar bo'yicha subsidiyalar, shuningdek, turizm va mehmonxona biznesi uchun soliq hamda bojxona imtiyozlari uzaytirildi.
Mulk daxlsizligi kafolatlanadi: Davlat organlarining moddiy javobgarligi
Garov va zararlarni qaytarishda penya: Sud qarori bilan qaytarilishi lozim bo'lgan garov summasi yoki reabilitasiya qilingan shaxslarga yetkazilgan zarar o'z vaqtida to'lanmasa, har bir kechiktirilgan kun uchun davlat organidan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida penya undiriladi.
Mazkur islohotlar mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam huquqiy va moliyaviy poydevor yaratadi.
Nazorat organlarining ma'muriy bosimini kamaytirish, «ikkinchi imkon» amnistiyasi orqali moliyaviy yuklarni yengillatish, startaplarni foizsiz moliyalashtirish hamda biznesning haqliligini oliy tamoyil darajasiga ko'tarish — yurtimizda sarmoyaviy jozibadorlikni sezilarli darajada oshiradi.
Eng muhimi, ushbu islohotlar davlatning asosiy maqsadi tadbirkorni jazolash yoki cheklash emas, balki uni asrab-avaylash va rivojlanishiga sharoit yaratish ekanini amalda isbotlaydi. Natijada, biznes vakillarining kelajakka bo'lgan ishonchi ortib, mamlakat iqtisodiyotining barqaror va jadal o'sishi ta'minlanadi.
U.Nishonov
Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyat sho''basi yetakchi inspektori.
