SUD-HUQUQ SOHASIDAGI ISLOHOTLAR: BOSH MAQSAD – XALQCHIL VA ADOLATLI SUD TIZIMINI BARPO ETISH
2026-09-29 17:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda inson qadrini ulug'lash, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish hamda sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizm va institutlarni joriy qilish orqali xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish, shuningdek, “O'zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan odil sudlovga oid strategikmaqsadlarni izchil amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz joriy yilning 14 avgust sanasida “Odil sudlov — 2030”: Yangi O'zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to'g'risida”gi PF-160-sonli Farmonni imzoladilar.
Farmonga ko'ra sud tizimini isloh qilish “xalqchil sud”, “adolat qo'rg'oni”, “kafolatlangan adolat”, “adolat posbonlari”, “raqamli odil sudlov” hamda “xalqaro e'tirof” ustunlari asosida amalga oshirilishi belgilandi.
Farmonga asosan sud qarorlarini qayta ko'rib chiqishning xolisligi va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2027 yil 1 iyuldan boshlab umumyurisdiktsiya va ma'muriy sud yo'nalishlarida ishlarni qayta ko'rib chiqish vakolatiga ega bo'lgan, bir nechta ma'muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan 5 ta hududlararo sudlar tashkil etilishi belgilandi. Hududlararo sudlarga viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rilgan ishlarni taftish tartibida, mazkur sudlar tomonidan birinchi instantsiyada ko'rilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko'rib chiqish vakolati beriladi.
Bundan tashqari, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 2027 — 2030 yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo'yicha tuman, shahar sudlarini tashkil etish mo'ljallanmoqda. Bunda aholi soni, sudga kelib tushayotgan ishlar hajmi va dinamikasi, sudьyalarning ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari inobatga olinadi.
2027 yil 1 iyuldan boshlab “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudьyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo'llash (sanktsiya berish) to'g'risidagi iltimosnomani ko'rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligini, gumon qilish yoki ayblov e'lon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tug'ilgan taqdirda, tergov sirini ta'minlagan holda qo'shimcha hujjatlar talab qilish yo'li bilan tekshirish vakolatlari beriladi.
Odil sudlov sifatini yaxshilash va mamlakatda qonun hujjatlarini qo'llash bo'yicha yagona sud amaliyotiga erishish maqsadida Oliy sudga 2027 yil 1 avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini belgilangan tartibda ochiq e'lon qilish va yangilab borish amaliyotini (“Pretsedentlar” reyestri)ni joriy etish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, sud binolarining kirish qismida 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko'rsatish ofislari faoliyati yo'lga qo'yiladi. Xizmat ko'rsatish ofislari sudlarga murojaat qilgan fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga zamonaviy standartlar asosida qulayliklar yaratish, sudlar faoliyatida byurokratiyani kamaytirish va ochiqlikni ta'minlash maqsadida tashkil etiladi hamda aholiga zarur axborotlarni bir joyning o'zida taqdim etish, protsessual murojaatlar yuzasidan tashkiliy yordam ko'rsatish, murojaatlarni tezkor qabul qilish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko'maklashish imkonini beridi.
2027 yil yakuniga qadar sudlarga murojaat qilishda qo'shimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali(my.sud.uz)ning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, Iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish, tadbirkorlik sub'ektlari va investorlarning vaqti hamda xarajatlarini tejash maqsadida 2028 yil 1 yanvardan boshlab sudьyaga ishlarni ko'rish jarayonida juz'iy (formal) kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini ko'rish majburiyatini yuklashni nazarda tutuvchi “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” (Proactive Case Management) standarti joriy etiladi.
Fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud ishlarini yuritishda arizani qaytarishning “ish mazkur sudning sudloviga tegishli bo'lmasligi” asosini bekor qilish va arizani shu sudning o'zi tomonidan tegishliligi bo'yicha boshqa sudga o'tkazish tartibi joriy etiladi.
2028 yil 1 yanvardan boshlab xalqaro standartlar asosida sudьyalar mustaqilligini ta'minlash va ularni odil sudlovga daxldor bo'lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud ma'murchiligi (Court Administration) institutini joriy etish, ya'ni, sud ma'muriyatini tashkil etish, sudlarda boshqaruv lavozimlarini maqbullashtirish va ortiqcha bo'g'inlarni qisqartirish mo'ljallanmoqda.
Bulardan tashqari, Farmonga muvofiq “Odil sudlov — 2030”: Yangi O'zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi,
Ushbu strategiyani 2026 — 2028 yillarda amalga oshirish bo'yicha harakatlar dasturi,
Strategiyasi doirasida erishiladigan asosiy maqsadlar tasdiqlandi.
Strategiyada 57 ta vazifa belgilandi, strategiyani 2026 — 2028 yillarda amalga oshirish bo'yicha harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbirlarlar hamda 2030 yilga qadar erilishi lozim bo'lgan 33 ta maqsad belgilab berildi.
Jumladan, Harakatlar dasturida belgilangan chora-tadbirlarga ko'ra:
- “Xalqchil sud” tamoyili doirasida OAV va blogerlar bilan samarali hamkorlik va qayta aloqani yo'lga qo'yish,
- “Adolat qo'rg'oni” tamoyili doirasida sud qarorlarini qabul qilishda nafaqat qonun talablariga, balki adolat, mutanosiblik va oqilonalik kabi printsiplarga rioya etishni ta'minlashga qaratilgan yondashuvlarni ishlab chiqish,
- “Kafolatlangan adolat” tamoyili doirasida shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklash bilan bog'liq tezkor qidiruv tadbirlarini o'tkazish tartibini takomillashtirish, shu jumladan, bunday tadbirlarning o'tkazilishi ustidan sud nazoratini o'rnatish,
- “Adolat posbonlari” tamoyili doirasida sudьyalar va sud apparati xodimlari ongiga “halollik vaktsinasi” tamoyili asosida halollik standartlarini singdirish, ularda poklik, vijdonlilik kabi fazilatlarini rivojlantirishda O'zbekiston xalqining urf-odatlari, milliy va umumbashariy qadriyatlardan keng foydalanishni ta'minlash,
- “Raqamli odil sudlov” tamoyili doirasida 2027 yil yakuniga qadar — ma'muriy va iqtisodiy sudlarda, 2028 yil yakuniga qadar jinoyat va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda sud majlislarini audioyozuv orqali majburiy qayd etish amaliyotini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda sud majlisining yozma bayonnomasida faqat uning protsessual borishini aks ettirish,
- “Xalqaro e'tirof” tamoyili doirasida Yevropa Ittifoqi, umumiy huquq tizimiga mansub davlatlarning sud va sudьyalar hamjamiyati organlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek, Samarqand shahrida Assotsiatsiyaning VII Kongressi, a'zolari Kengashi, Bosh kotiblari yig'ilishini o'tkazish, Toshkent shahrida esa Assotsiatsiyaning xalqaro simpoziumi, a'zolari Kengashi, Bosh kotiblari yig'ilishini o'tkazish belgilab olindi.
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudьyasi
Akbar Hamidov
Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudьyasi
Hamidullo Sadullayev
