Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi
2026-09-21 15:15:00 / Yangiliklar

Konimex tumani iqtisodiyot va moliya bo'limida O'zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyundagi "O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish to'g'risida"gi O'RQ-1155-son Qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan tushuntirish yig'ilishi o'tkazildi.
Unda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi komplayens nazorat va maxsus ishlar bo'yicha bosh mutaxassis N. Xolov hamda bosh boshqarmaning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish sho'basi boshlig'i O.O'ngarov ishtirok etib, mazkur qonun bilan kiritilgan muhim o'zgartish va qo'shimchalar haqida batafsil ma'lumot berdilar.Ta'kidlanganidek, mazkur Qonun korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta'minlash, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Yig'ilish davomida Qonun bilan davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish kabi muhim vazifalar belgilangani qayd etildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, davlat xizmatchilarining halollik standartlariga rioya etishini ta'minlash, manfaatlar to'qnashuvining oldini olish va davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Qonunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi choralar va nazorat tadbirlarini tashkil etish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kabi qator vazifalar yuklatilgan.Yig'ilishda xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy bilim va ko'nikmalarini oshirish, xizmat vazifalarini bajarishda qonunchilik talablariga qat'iy rioya etish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish muhim vazifalardan biri ekani ta'kidlandi. Tadbir yakunida Qonun talablaridan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda xodimlar o'rtasida huquqiy madaniyat va korrupsiyaga qarshi immunitetni yuksaltirish bo'yicha zarur choralarni amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Mazkur yo'nalishdagi profilaktik va tushuntirish ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.
