KONIMEX TUMANIDA ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR YARMARKASI VA AMALIY SEMINAR TASHKIL ETILDI
2026-09-11 10:10:00 / Yangiliklar

"Payshanba — Yoshlar kuni" munosabati bilan Konimex tuman Markaziy istirohat bog‘ida “Zamonaviy texnologiyalar yarmarkasi va amaliy seminar” tashkil etildi.
Yarmarkada 500 nafardan ortiq ishsiz va bitiruvchi yoshlar, xotin-qizlar hamda tadbirkorlikka qiziquvchi fuqarolar, yuridik hamda jismoniy shaxslar ishtirok etishdi.
Tadbirda zamonaviy texnologiyalar(ishlab chiqarish, qayta ishlash uskunalari) taqdim etilib, ularning imkoniyatlari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va boshlash istagidagi fuqarolar, yoshlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Ahamiyatlisi, ishtirokchilar tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan uskunalarni shu yerning o‘zida tanlab, xarid qilish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Shuningdek, mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, unda tumandagi korxona va tashkilotlardagi bo'sh ish o‘rinlari taqdim etilib, yoshlar o'z yo'nalishlari bo'yicha vakansiyalar bilan tanishdi va bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Tadbir davomida Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, “Biznesni rivojlantirish banki” Navoiy viloyati boshqarmasi boshqaruvchisi Islom Saidov, Kichik biznesga ko‘maklashishish markazi, tuman hokimi o‘rinbosarlari hamda hamkor tashkilotlar va korxonalar ishtirok etib, yoshlarning biznes tashabbuslari, tashkil etilgan yarmarka faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda yoshlarga kasbiy va tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun yanada imkoniyatlar yaratilishi va endilikda bu kabi yarmarkalar doimiy tashkil etilishi ta'kidlab o'tildi.









