Korrupsiyaga qarshi kurashish — halollik va shaffoflik garovi
2026-08-24 18:10:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va jamiyatda unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Zero, korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qilib, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Shu maqsadda Konimex tumani Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan profilaktik seminar tashkil etildi. Unda bo‘lim xodimlari, tuman Ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv tezkor vakili hamda Pensiya jamg‘armasi xodimlari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunida belgilangan asosiy talablar, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, davlat xizmatchilarining xizmat vazifalarini bajarishda qonun ustuvorligi, xolislik, halollik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanmasligi muhim ekani ta’kidlandi. Seminarda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga befarq bo‘lmaslik, shubhali va qonunga zid holatlarga duch kelganda belgilangan tartibda chora ko‘rish, shuningdek, jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish har bir xodimning mas’uliyati ekani qayd etildi. Bunda korrupsiyaning oldini olishda huquqiy targ‘ibot va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini muntazam olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat davlat tashkilotlarining emas, balki har bir fuqaroning umumiy mas’uliyatidir. Halol mehnat, qonunga hurmat va ochiqlik tamoyillariga amal qilish orqali jamiyatda korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish mumkin. Halollik va shaffoflik esa korrupsiyasiz jamiyatning mustahkam poydevoridir.
Konimex tumani iqtisodiyot va moliya bo‘limi
boshlig‘ining moliya va budjet masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Boranbayev
