XALQARO HAMKORLIK
2026-08-21 16:50:00 / Yangiliklar

🇺🇿🇮🇷 Ayni kunlarda Navoiy viloyatida bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati delegatsiyasi a’zolari hamda Konimex tumani hokimining o‘rinbosari Sh. Egamqulov ishtirokida “Yuksalish” mahallasi “Kengsoy” hududida bo‘lib, “Navoiy World Agrotech” MChJ bilan hamkorlikda o‘zlashtirilgan yaylov yerlarida amalga oshirilayotgan qo‘shqator usulida paxta yetishtirish loyihasi bilan tanishdilar.
Qariyb 70 gektar maydonda 76x10 sxemasi asosida qo‘shqator usulida paxta yetishtirilmoqda.
Loyihada zamonaviy, suv tejovchi texnologiyalar, xususan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Mazkur yondashuvdan foydalanish suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda yaylov yerlaridan unumli foydalanish imkonini bermoqda.
Tashrif davomida Eron delegatsiyasi vakillariga tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasidagi ishlar hamda istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.



