KASB BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!
2026-08-09 10:35:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli quruvchilar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi PF-5136-sonli Farmoniga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida har yili keng nishonlab kelinmoqda.
Fursatdan foydalanib, Siz, aziz quruvchilarni, barcha bunyodkor va zahmatkash soha vakillarini bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Konimex tumanining obod qiyofasini yaratish, yangi ijtimoiy obyektlar, yo‘llar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy inshootlarni barpo etishda fidokorona mehnat qilayotgan barcha qurilish sohasi xodimlariga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, kuch-g‘ayrat va bunyodkorlik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan sohaga bo‘lgan e’tibor va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida quruvchilarning zimmasidagi mas’uliyat ham, amalga oshirayotgan ishlar ko‘lami ham yil sayin ortib bormoqda.
Buni birgina tumanimiz misolida ham ko‘rishimiz mumkin. 2026-yilda Konimex tumanida 18 milliard 535 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlari doirasida ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l infratuzilmasi, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minoti va transport sohasi kabi muhim yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu raqamlar ortida esa minglab insonlarning mashaqqatli mehnati, erta tongdan kechgacha davom etadigan zahmati, issiq va sovuq demay o‘z kasbiga sadoqat bilan bajarayotgan fidokorona mehnati mujassam.
Bugun tumanimizda qad rostlayotgan muhtasham binolar, ijtimoiy soha obyektlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, yangi yo‘llar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari, obod maskanlarda sizlarning qo‘l mehnatingiz, bilim va tajribangiz bor.
Sizlar bilan birgalikda jonajon Konimeximizga yangi qiyofa yaratmoqdamiz va aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qilayotgan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz.
Sizlarning mehnatingiz bilan kecha bo‘sh turgan yer bugun odamlar gavjum bo‘ladigan fayzli maskanga, oddiy hudud esa zamonaviy va ko‘rkam manzilga aylanmoqda.
Aziz bunyodkorlar!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va xotirjamlik, kuch-g‘ayrat va shijoat tilayman.
Xonadoningizdan fayzu baraka, dasturxoningizdan qut-baraka aslo arimasin!
Tumanimiz taraqqiyoti va obodligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlaringizda sizlarga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
Yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi va kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan aziz quruvchilar — kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Konimex tumani hokimi
Ruslan Ro‘ziyev
