O'ZLASHTIRILGAN YAYLOV YERLARIDA ILK PAXTA CHANOQLARI OCHILDI
2026-08-03 09:15:00 / Yangiliklar

Konimex tumani hokimi Ruslan Roʻziyev “Navoiy World Agrotech” MChJ bilan hamkorlikda yaylov yerlarida qo'shqator usulda paxta yetishtirish loyihasi bilan tanishdi.
Mazkur loyiha doirasida 70 gektar foydalanilmayotgan yaylov yerlari o‘zlashtirilib, yuqori hosildorlikka ega paxta navlari ekilgan. Ayni paytda dalalarda paxta chanoqlarining ochilish jarayoni boshlangan.
Loyiha doirasida joriy yilda paxta ekin maydonlarini foydalanilmayotgan yerlarni o‘zlashtirish hisobiga yanada kengaytirish, kelgusi yilda esa paxta ekinlari maydonini ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan.
Paxta yetishtirishda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar, xususan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Ushbu texnologiya suv resurslaridan samarali foydalanish, sug‘orish xarajatlarini kamaytirish, tuproq namligini me'yorida saqlash hamda o‘simliklarni zarur miqdorda oziqlantirish imkonini bermoqda.
