Qishloq xoʼjaligi vazirligi hamda Oʼzbekiston fermerlari kengashining qoʼshma MUROJААTI
2026-07-16 09:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

PАXTАGА QOʼSHIMCHА ISHLOV BERING VА HOSILINGIZGА HOSIL QOʼSHING!
Hurmatli dehqon va fermerlar hamda agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, Siz fermer va dehqonlar tomonidan tuman boʼyicha 305 gektar shundan, Shinjon usulida 305 gektar maydonlarda paxta parvarishlanmoqda. Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi oʼta murakkab iqlim sharoitida koʼplab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyul oyining har yilgidan koʼra ikkinchi yarmi oʼta issiq kelayotganligi sababli suvchi, mexanizator hamda chekanka (chilpish) qiladigan dala ishchilariga ish haqqilarini oʼz vaqtida berib, paxtangizda agrotexnik tadbirlarni, jumladan, sugʼorish, kultivatsiya qilish va chikankani oʼz vaqtida tashkil etishni davr taqazo etmoqda.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʼz ishining haqiqiy ustasi boʼlgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni koʼradi va el-yurt dasturxonini toʼkin qilish yoʼlidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi. Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qoʼllashgacha boʼlgan jarayonlardan eson-omon oʼtish oson kechmaydi, albatta. Eng muhimi, bu yil iyulь oyining soʼngi oʼn besh kunligi va avgustь oyining birinchi oʼn kunligi jazirama issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib, oʼz vaqtida terib-yigʼib olinib, xirmonga toʼkilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi. Аna shundagina fermerning koʼngli xotirjam boʼladi. Buning uchun esa har bir fermer xoʼjaligi rahbari bugundan boshlab oʼz paxta dalasida “Dolzarb – 20 kun” eʼlon qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Iyul-avgust oylarida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, hosilning ertagi, sifatli va moʼl boʼlishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan oʼlchanadi. Zero, gʼoʼza agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, rivoji tezlashib, koʼsaklarga koʼsak qoʼshiladi, erta pishib yetiladi, hosilga baraka kiradi.
«Gʼoʼza pishmaydi» degan qarash notoʼgʼri. Oʼzbekistonning qisqa vegetatsiya sharoitida uning pishishini texnologik reja asosida boshqarish kerak. Yashil koʼsak emas, pishgan, ochilgan va terib olingan paxta haqiqiy hosildir. Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun iyul-avgust oylarida yana biz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur boʼlayotganligini hamda ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogramm paxta uchun qoʼshimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham masʼuliyat bilan yondashib amalga oshiraylik!
birinchidan, barcha dehqonlarning oʼrni dalada boʼlishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar oʼz ishiga oʼta jiddiy yondashmogʼi darkor;
ikkinchidan, buning uchun davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda suvchilarga 1 mln 500 ming soʼmdan, mexanizatorlarga 1 mln soʼmdan hamda chikanka (chilpish) qiladigan dala ishchilarga gektariga 200 ming soʼmdan ish haqqi berilishini 10 kun muddatda yakunlang;
uchinchidan, oʼz dalangizda zarur shart-sharoitlar yaratib, jumladan issiq ovqatlarni doimiy ravishda tashkil qiling;
toʼrtinchidan, gʼoʼzani yana bir marta sharbat usulida qondirib sugʼorish, buning uchun suvchilarga barcha shart-sharoit yarating, tungi sugʼorishni yoʼlga qoʼyib, sugʼorish ishlarini yakunlang. Bunda, suvdan toʼgʼri, oqilona foydalaning, sugʼorishda koʼllatmasdan sugʼorib, kam suv bilan tez-tez sugʼorishni tashkil qiling, zovurga tashlamaslik choralarini koʼrib suvni ortiqcha isrof qilinishiga yoʼl qoʼymang;
beshinchidan, zararkunanda hasharotlar – koʼsak qurti, oʼrgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya qilishni kuchaytiring, uygʼunlashgan kurash choralarini keng qoʼllang;
oltinchidan, gʼoʼzaning gullash va koʼsaklash davrida droja, aspirin hamda tarkibida bor kislotasi, temir, kaltsiy boʼlgan mikrooʼgʼitlardan foydalangan holda bargdan ishlov bering yoki tomchilatib sugʼorish shlanglari orqali oziqlantiring;
Bunda, 250–300 g/ga bor kislotasi, 350–400 g/ga droja, 200–250 g/ga.dan aspirin hamda “Sila kremniy” va “Aminosid-Silikon” preparatlaridan foydalaning. Ushbu preparatlar toʼliq suvda eritilib, eritma holida kunning salqin (kechki 19-00 dan keyin, ertalab 7-00 gacha) vaqtlarida barglarga bir tekis seping. Bor yetishmovchiligi ham, ortiqchasi ham zararli-meʼyorni oshirmang;
yettinchidan, biologik stimulyatorlar bilan qoʼshimcha ishlov bering gʼoʼza rivoji kechki boʼlgan dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga
va hosili barakali boʼlishiga erishing;
sakkizinchidan, gʼoʼzaning hosil toʼplashi uchun sharoit yarating, ayniqsa xorijiy navlarni ekkan fermer xoʼjaliklari olimlar va tajribali mutaxassislar tavsiyalari asosida ish yuriting;
toʼqqizinchidan, zararkunandalarni ular ommaviy koʼpayib ketgandan keyin emas, muntazam kuzatuv va profilaktika asosida boshqaring. Bt xususiyati boʼlmagan navlarda toʼliq integratsiyalashgan himoya tizimi (IPM), Bt navlarda esa IPM bilan birga maydonning 10–15 foizida Bt xususiyati boʼlmagan himoya (refugiya, amaliyotda «Qochoq» deb ataluvchi) maydoni tashkil eting;
oʼninchidan, har bir sugʼorishdan keyin tuproq yetilishi bilan 1–2 marta mayin kulьtivatsiya qiling. Buning uchun, kulьtivatorlarni “baliq sirti” qilib oʼrang hamda ertalab va kechki soatlarda kesak hosil qilmasdan mayin kulьtivatsiya qilishni yoʼlga qoʼying.
Qator orasida kulьtivatsiya shunday oʼtkazilishi kerakki, bunda, gʼoʼza tuplariga ziyon yetkazmasin, koʼsaklarni toʼkmasin, gʼoʼza poyalarini payxon qilmang;
Sugʼorishdan keyin tuproqlarda yoriqlar (devor) paydo boʼlgan boʼlsa, yengil sugʼorib, keyin mayin kulьtivatsiya qiling;
oʼn birinchidan, iyulь-avgustda bajariladigan agrotexnik tadbirlarni yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga kelib, gʼoʼza qator oralarida shoʼra, it uzum, qoʼy pechak, gʼumay, suv oʼti kabi begona oʼtlar ham koʼpayadi.
Gʼoʼzadan baland boʼlib, hasharotlarni oʼziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlar koʼpayib, pastki yarusdagi koʼsaklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa chirish kasalliklari koʼpayishiga olib keladi hamda gʼoʼzaga berilgan oʼgʼitni asosiy qismini oʼzlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir marta koʼzdan kechirilib, begona oʼtlarni suvdan keyin qoʼlda yulib olish va barcha paykallar begona oʼtlardan tozalanishiga jiddiy eʼtibor qarating;
oʼn ikkinchidan, rivojdan orqada qolgan maydonlarni aloxida nazoratga oling va qoloqlikdan chiqarish uchun qoʼshimcha agrotexnik tadbir qo'llang;
oʼn uchinchidan, 1-avgustdan boshlab, gʼoʼzaning holatidan kelib chiqib, Etefon (“qarish” gormoni) qoʼllang, bu gʼoʼzaning fiziologik pishish jarayoni jadallashtiradi hamda oʼsimlikning oʼsishi toʼxtatadi, koʼsaklarni toʼliq yetishtirishga erishib, har bir gektardan olinadigan paxta hosildorligini yanada oshiradi.
oʼn toʼrtinchidan, dalangizni har xil (plyonka, baklashka, plastik idishlar, qogʼoz oʼramlar va boshqa) chiqindilardan tozalang, dala chiqindilari kelajak avlod uchun, insonlar sogʼligi uchun jiddiy xavfga aylanadi, befarq boʼlmang!
Toza dala bezak emas – u tuproq unumdorligi, inson salomatligi va fermer obroʼsidir, shuni unutmang! Ekologik toza dala - bu oziq-ovqat xavfsizligining kalitidir. Paxtachilikda yuqori natijalarga erishishda avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnat, shuningdek, puxta oʼylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar oʼzining munosib samarasini bermoqda.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xoʼjaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarimizda asosiy eʼtiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xoʼjalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon
va fermerlarning ogʼirini yengil qilishga qaratilmoqda. Аynan Muhtaram Prezidentimizning 2026-yil 8-maydagi PF-82-sonli Farmoni bilan paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni bir qismini qoplab berish boʼyicha bir qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan:
paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xoʼjaliklarga ushbu kreditlar boʼyicha toʼlangan foiz toʼlovining 2,5 foizlik punkti;
hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xoʼjaliklarga ushbu kreditlar boʼyicha toʼlangan foiz toʼlovlarining 5 foizlik punkti; qishloq xoʼjaligi subʼektlariga oʼz mablagʼlari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish boʼyicha imtiyozlar belgilangan. Siz paxtadan yuqori hosildorlikka erishib ushbu imtiyozlardan foydalang!
Аziz fermer va dehqonlar!
Sizning har bir oʼlchovingiz, oʼz vaqtida qabul qilgan qaroringiz, yerga, suvga va oʼsimlikka ehtiyotkor munosabatingiz mamlakatimiz paxtachiligining yangi natijasini yaratadi. Bilimni amaliyotga aylantirib, yuqori hosil, sifatli tola, barqaror daromad va ekologik toza dalalarni birgalikda shakllantiramiz.
Mazkur ishlarni shunday koʼtarinki ruhda tashkil qilaylikki, qilingan mehnatimiz orqali hosilga hosil qoʼshib, yuqori natijalarga erishaylik. Barchangizni ushbu ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod boʼlishi uchun munosib hissangizni qoʼshishga hamda “Dolzarb 20 kun” mobaynida paxta dalalariga yanada ishlov berishda faol qatnashishga daʼvat etamiz!
Qishloq xoʼjaligi vazirligi hamda
Oʼzbekiston fermerlari kengashi
