Konimex tuman fermerlari kengashi rayosatining fermerlarga MUROJAATI
2026-07-03 18:15:00 / Yangiliklar

YERNI QADRLANG VA MAJBURIYATNI UNUTMANG
Konimex tuman fermerlari kengashi rayosatining fermerlarga
MUROJAATI
Hurmatli fermerlar!
Mamlakatimizda fermerlarga davlatimiz tomonidan yaratilgan imtiyoz, subsidiya va imkoniyatlar yildan yilga ko‘paymoqda. Ayniqsa, shu yilda bug‘doy yetishtirish yuzasidan Davlatimiz rahbarining Farmon va qarorlari hamda Hukumatning tegishli chora-tadbirlari Siz fermerlarga, g‘alladan yuqori hosil olishga zamin yaratildi.
Jumladan:
- bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq qaytargan fermer xo‘jaliklariga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foizlik qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinib, ularga qaytarib beriladi;- 2026 yil hosilidan boshlab, bug‘doyni o‘z mablag‘lari yoki tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari orqali yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga sotilgan mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;- dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi kabi imtiyozlar fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirib, g‘alladan yuqori va mo‘l hosil yetishtirish uchun mustahkam zamin bo‘ldi.Bunday imtiyozlardan unumli foydalangan tumanimizdagi aksariyat fermerlar belgilangan davlat resursi, vaqtinchalik saqlash majburiyatlarini to‘liq bajarib, ko‘plab fermer xo‘jaliklari har gektardan 100 sentnerdan ortiq hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘lgani hech birimizga sir emas.Natijada ko‘plab fermerlarning daromadi o‘tgan yillarga nisbatan 1,5-2 barobarga oshib, qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirishga ko‘makchi bo‘lganini Siz fermerlar, o‘zingiz ko‘rib turibsiz.
Qadrli fermerlar!
Davlatimiz tomonidan joriy yilda g‘alla yetishtiruvchilar uchun keng ko‘lamli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilganiga qaramasdan, ayrim fermer xo‘jaliklari tomonidan davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik bo‘yicha majburiyatlarini o‘z xoliga tashlab qo‘yilayotganini eslatib o‘tishni lozim, deb hisoblaymiz.
O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq, tovarlarni yetkazib berish muddatlari kechiktirilgan yoki to‘liq yetkazib berilmagan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun bajarilmagan majburiyat qiymatining 0,5 foizi miqdorida penya undiriladi.
Bunda penya to‘lanishi shartnomaviy majburiyatlarni buzgan tomonni yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi. Shu munosabat bilan mazkur qonun talablariga qatʼiy rioya qilish zarurligini yana bir bor Siz muhtaram fermerlar eʼtiboriga havola etamiz.Shuningdek, majburiyatni bajarmaslik, yer uchastkamizdan oqilona foydalanilmaslik yer ijara shartnomasini bekor bo‘lishiga olib kelishini mumkinligi haqida har biringizga eslatib o‘tamiz.Shunday ekan, har bir kunning qadriga yetib, quyidagi vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish orqali g‘alla bo‘yicha zimmangizdagi majburiyatlarni to‘liq bajarishingizni so‘raymiz. Birinchidan, zudlik bilan dalalarda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda va nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan yig‘ishtirib oling hamda davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik bo‘yicha majburiyatlaringizni unutmang;Ikkinchidan, davlat jamg‘armasi hisobidan olingan imtiyozli kreditlarni o‘z vaqtida qaytarib, 4 foizli kompensatsiya hamda boshqa belgilangan imtiyozlardan samarali foydalaning;Uchinchidan, «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan jarima va penya qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan holatlarga yo‘l qo‘ymang;To‘rtinchidan, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalab, takroriy, daromadli va eksportbop ekinlarni ekishni tashkil etish orqali qo‘shimcha daromad olishga erishing.
Aziz fermerlar!
Xalqimizning farovon hayoti, dasturxonimiz to‘kinligi, bozorlarimizda non va non mahsulotlari yetarli hamda narxlar barqaror bo‘lishi, ko‘p jihatdan Sizning bugungi mehnatingiz, g‘alla o‘rim-yig‘imini o‘z vaqtida yakunlashingiz hamda davlat zaxirasiga sotishingizga bog‘liqligini unutmang.Yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida barchangizni davlat resursi, vaqtinchalik saqlash va urug‘lik bo‘yicha majburiyatlaringizni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishga chaqiramiz.
Konimex tuman fermerlari kengashi Rayosati aʼzolari
