SAYYOR QABUL – XALQ MANFAATLARI YO‘LIDAGI AMALIY MULOQOT
2026-06-29 18:15:00 / Yangiliklar

O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish va ularga tezkor yechim topishga qaratilgan sayyor qabullar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, navbatdagi sayyor qabul O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi raisi Aktam Xaitov ishtirokida Konimex tumanida tashkil etildi. Tuman hokimligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev, tegishli muassasalar va idoralar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda 200 nafardan ortiq konimexlik saylovchilar ishtirok etishdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ish bilan ta’minlash, yer va mulk munosabatlari, kommunal xizmatlar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya, kredit ajratish, infratuzilmani yaxshilash hamda boshqa hayotiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati va yurt ravnaqiga daxldor masalalar mujassam. Shu bois O‘zLiDeP aholi bilan doimiy muloqotni ta’minlash, fuqarolarning dardu tashvishlarini eshitish va ularga amaliy yechim topishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.
Tadbir yakunida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi raisi Aktam Xaitov tomonidan mutasaddi rahbarlarga murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli hal etish, aholi bilan muloqot madaniyatini yanada takomillashtirish hamda har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, xalq ishonchini mustahkamlash hamda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
