GʼАLLА OʼRIM-YIGʼIMINI UYUSHQOQLIK BILАN OʼTKАZIB, MOʼL HOSIL OLISHGА ERISHING VА DАVLАTGА DON SOTISH MАJBURIYATLАRINI UNUTMАNG!
2026-06-12 10:10:00 / Yangiliklar

Konimex tuman fermerlari kengashi Rayosati aʼzolarining
MUROJААTI
Hurmatli fermerlar!
Tumanimizda lafzi halol dehqon va fermerlarning zahmatli mehnatlari evaziga dalalarda ulkan gʼalla hosili yaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan koʼplab farmon va qarorlar, Siz, aziz dehqon va fermerlarning qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.
Аyni paytda respublikamizning koʼplab tumanlaridagi fermer xoʼjaliklari gʼalla oʼrim-yigʼimini uyushqoqlik bilan olib borib, davlat zaxirasiga ortigʼi bilan don topshirmoqda va yetishtirilgan moʼl hosil evaziga katta daromadga ega boʼlmoqda.
Tumandagi koʼplab gʼallachilik fermer xoʼjaliklari har gektar maydondan 100-110 sentnerdan hosil koʼtarib, davlat xirmoniga belgilangan donni ortigʼi bilan sotishni va oʼz daromadlarini oshirishni reja qilib turibdilar.
Аziz fermerlar!
Gʼallachilik borasida yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalaning, Prezidentimizning 2026 yil 8 maydagi “Gʼoʼza va bugʼdoy yetishtiruvchilarni moliyaviy qoʼllab-quvvatlashning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-82-sonli farmoni va boshqa qarorlar bilan Siz fermerlarga qator imtiyozlar berildi. Jumladan:
-bugʼdoy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar toʼliq qoplagan xoʼjaliklarga ushbu kreditlar boʼyicha toʼlangan foiz toʼlovining 4 foizlik punkt mablagʼlari fermer xoʼjaliklariga qaytarib beriladi;
-2026 yil hosilidan boshlab gʼallani oʼz mablagʼlari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xoʼjaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi;
-2026 yildan bank kreditlarini olmasdan, oʼz mablagʼlari hisobidan yomgʼirlatib sugʼorishni joriy qiladigan fermerlar uchun shartnomalar asosida subsidiyaning 50 foizi oldindan ajratilashi hamda texnologiyalar oʼrnatilib, ishga tushirilgandan soʼng qolgan 50 foizi toʼlab berilishi yoʼlga qoʼyildi;
-davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etildi;
-fermer xoʼjaliklariga gʼalla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʼlaridan erkin foydalanish hamda xizmat koʼrsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqi berildi;
-donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi kabi imtiyozlar qoʼllanilayotgani tufayli fermerlarning mablagʼlari tejalyapti va iqtisodiy imkoniyatlari oshayapti hamda gʼalladan yuqori hosil olish uchun puxta zamin yaratildi.
Qadrli fermerlar!
Har bir kun gʼanimat ekanligini teran his etgan holda quyidagi ishlarni oʼz vaqtida amalga oshirishni unutmang!
birinchidan, yetishtirgan hosilni qisqa muddatlarda yigʼishtirib oling, hatto bir kun boʼlsa-da, oʼrimni kechiktirsangiz, har kuniga bir sentnerdan hosildorlik yoʼqotishingiz mumkin. Gʼallani davlat zaxirasiga sotib, zimmadagi majburiyatingizni toʼliq bajarishga erishing va davlat jamgʼarmasidan olingan imtiyozli kreditlarni oʼz vaqtida qaytarib, 4 foizli imtiyozga ega boʼling;
ikkinchidan, har gektar maydondan 100 sentnerdan va undan ortiq hosildorlikka erishib, yuqori daromad oling;
uchinchidan, gʼalladan boʼshagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalab, daromadli va eksportbop ekinlarni ekishni tashkil eting;
toʼrtinchidan, mahallangizdagi kam taʼminlangan oilalarga, yoshlarga hamda xotin-qizlarga takroriy ekin ekish uchun yer ajratib, saxovatpeshalik qilishni unutmang;
beshinchidan, mamlakatimiz aholisini sifatli non va non mahsulotlari bilan taʼminlashda beminnat hissa qoʼshing.
Xalqimizning farovon yashashi va dasturxonimizning toʼkin-sochin boʼlishi, bozorlarimiz non va non mahsulotlarga toʼla va arzon, turmushimiz yanada farovon boʼlishi aynan Sizning bugungi gʼalla oʼrimini uyushqoqlik bilan oʼtkazishga va davlat zaxirasiga sotishga bogʼliqligini unutmang.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va yuksalishiga munosib hissa qoʼshish uchun barchangizni fidoyilik bilan sidqidildan ishlashga chorlaymiz!
Konimex tuman fermerlari kengashi Rayosati aʼzolari
