TADBIRKORLAR BILAN UCHRASHUV VA OCHIQ MULOQOT
2026-06-12 08:00:00 / Yangiliklar

Konimex tumani hokimligida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Eldor Hazratqulov, tuman hokimining oʻrinbosari - invеstisiyalar, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻi Shaxarbek Egamkulov, Biznes-ombudsman devonining Navoiy viloyati sho'basi rahbari B.Mirzayev va tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududdagi tadbirkorlik subyektlarini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish, ularning faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan yer ajratish, kredit mablag‘lari, infratuzilma bilan bog‘liq masalalar, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, soliq tizimi, huquqiy himoya hamda boshqa yo‘nalishlarda murojaatlar va takliflar bildirildi.
Har bir tadbirkorning murojaati mutasaddi rahbarlar ishtirokida batafsil ko‘rib chiqilib, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar belgilandi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar nazoratga olindi.
Ta’kidlanganidek, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda investitsion muhitni yanada yaxshilash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar bilan bunday ochiq muloqotlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi qayd etildi.
