Kasbiy ta’lim va sanoat tarmoqlari hamkorligi kengaytiriladi
2026-10-20 11:15:00 / Yangiliklar

Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati uchun malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash, texnikumlarning ish beruvchilar bilan hamkorlik doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi bilan alohida-alohida memorandumlar imzolandi.
Hamkorlik doirasida o‘quv dasturlarini sanoat talablariga moslashtirish, dual ta’limni joriy etish, qayta tayyorlash kurslarini tashkil qilish va bitiruvchilarni bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Memorandumlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish belgilandi:
— Sanoat korxonalarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish va texnikumlarga qabul parametrlarini ushbu talablar asosida shakllantirish;
— O‘quv dasturlarini ish beruvchilar talablariga moslashtirish, dual ta’lim tizimi va ishlab chiqarish amaliyotini kengaytirish;
— To‘qimachilik sanoati uchun qisqa muddatli kasbiy va xorijiy til kurslarini, oziq-ovqat sanoati uchun esa kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
— Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va sifat nazorati yo‘nalishlarida o‘quv dasturlarini takomillashtirish;
— Texnikumlarning rahbar va pedagog xodimlari hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malakasini oshirish, pedagoglarning korxonalarda stajirovka o‘tishini tashkil etish va ish beruvchilarni ta’lim jarayoniga jalb qilish;
— Bitiruvchilarni tegishli sanoat tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda qo‘shma kasbiy mahorat tanlovlari va amaliy tadbirlarni tashkil etish.
Mazkur hamkorlik kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, sanoat tarmoqlari ehtiyojlariga mos, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda texnikum bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
