RASMIY MUNOSABAT
2026-10-09 16:00:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 2-son texnikum xodimining o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgani haqidagi ma’lumot yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 30-sentabr kuni o‘quvchining otasi mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida holatga huquqiy baho berildi. Mazkur holat yuzasidan sud muhokamasi o‘tkazilib, qonunchilik talablariga muvofiq tegishli jazo chorasi qo‘llanildi.
Mazkur holat aniqlanishi bilan Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilib, texnikumda xizmat o‘rganishi tashkil etildi. Uning doirasida mazkur holatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mas’ul xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bajarish holati o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun texnikumning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari I. Chorshanbiyev hamda psixologi Y. Kenjayeva lavozimlaridan ozod etildi.
Texnikumning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari D. Tilova, ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari B. Umirov hamda fizika fani o‘qituvchisi G. Turdiyevaga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanildi.
O‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan texnikumning ishlab chiqarish ta’limi ustasi K. E. Erniyozov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mamlakatimizda belgilangan qonunchilik tartibi hamda Kasbiy ta’lim agentligi direktorining “Kasbiy ta’lim agentligi tizimida mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga muvofiq bir tomonlama bekor qilindi, ya’ni ishdan bo‘shatildi.
Shuningdek, barcha hududlarda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ta’lim muassasalarida xavfsiz va sog‘lom muhitni ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Kasbiy ta’lim agentligi o‘quvchilarning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligiga tajovuz qiluvchi har qanday xatti-harakatni qat’iy qoralaydi. Har bir o‘quvchi ta’lim muassasasida o‘zini xavfsiz va himoyalangan his qilishi kerak. Kasbiy ta’lim tashkilotlarida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni ta’minlash, shu kabi noxush holatlarning oldini olish va kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tizimli nazorat va profilaktika mexanizmlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, o‘quvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda har bir holatga nisbatan qat’iy va xolisona munosabat bildirish bo‘yicha mas’ul rahbar va xodimlarning javobgarligi kuchaytiriladi.
Kasbiy ta’lim agentligi axborot xizmati
