Avstriya bilan hamkorlikda xalqaro mehmonxona boshqaruvi markazlari ochiladi
2026-10-05 15:10:00 / Yangiliklar

Kasbiy ta’lim agentligi hamda Avstriyaning IMC Krems University of Applied Sciences o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra Namangan viloyati Chortoq tumani 1-son texnikumi hamda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi negizida xalqaro mehmonxona boshqaruvi markazlari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: IMC Krems turizm va mehmondo‘stlik ta’limi sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega. Hamkorlikning dastlabki bosqichida universitet ekspertlari texnikumlar faoliyatini kompleks o‘rganib, xalqaro standartlarga asoslangan amaliy konsepsiya va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqadi.
Loyiha doirasida:
➖ mehmonxona va turizm sohasi uchun zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish;
➖ pedagog va trenerlar malakasini oshirish;
➖ dual ta’lim va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
➖ amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur infratuzilma va jihozlarni belgilash;
➖ ta’lim sifatini ta’minlash va natijadorlikni baholash tizimini joriy etish;
➖ xalqaro sertifikatlash va malaka yo‘nalishlarini shakllantirish;
➖ o‘quvchi va pedagoglarning Avstriyada ta’lim olishi, stajirovka va amaliyot o‘tashi uchun imkoniyatlarni rivojlantirish nazarda tutilgan.
Keyingi bosqichlarda alohida kelishuvlar asosida Avstriyada Train-the-Trainer dasturini tashkil etish hamda O‘zbekistonda mehmondo‘stlik va mehmonxona boshqaruvi bo‘yicha yangi xalqaro ta’lim dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.



