“BerufsEXPO Tashkent 2026”: kasbiy ta’lim, xalqaro ish beruvchilar va yoshlar muloqoti
2026-10-02 18:35:00 / Yangiliklar

Toshkent transport texnikumida “BerufsEXPO Tashkent 2026” xalqaro kasblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma Germaniyaning 70 dan ortiq korxona va kasbiy ta’lim muassasasi vakillarini hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan 1 500 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlarni bir maskanda jamladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Germaniya korxonalari faoliyati, zamonaviy kasblar, Ausbildung va dual ta’lim dasturlari bilan yaqindan tanishdi. Yoshlar uchun kasbiy ta’limni davom ettirish va kelgusidagi mehnat faoliyatini rejalashtirishda ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlarni bevosita ta’lim muassasalari vakillari hamda soha mutaxassislaridan olish imkoniyati yaratildi.
Germaniyalik ish beruvchilar bilan suhbatlar ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ushbu muloqotlar orqali yoshlar turli kasblar va Germaniyada ishga joylashish imkoniyatlari haqida ma’lumot olish, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi.
“BerufsEXPO Tashkent 2026” O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, yoshlarni xalqaro ta’lim dasturlari va mehnat bozori bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.





