Rasmiy munosabat
2026-01-17 16:00:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati kasbiy ta’lim tizimi hamda boshqarma rahbariyati faoliyatiga doir bildirilayotgan ayrim asossiz va biryoqlama fikrlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Avvalo, Andijon viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Abdupattayeva Nargiza Avazovna 2026 yil 16 yanvardagi tegishli buyruq asosida tayinlanganini alohida ta’kidlab o‘tamiz. Mazkur sana bilan bog‘liq holda boshqarma faoliyatida yuzaga kelgan tashkiliy masalalar, tizimli kamchiliklar va muammolar belgilangan tartibda o‘rganilib, amaldagi qonunchilik doirasida hal etilgan.
Bugungi kunda viloyat kasbiy ta’lim tizimida barqaror faoliyat yo‘lga qo‘yilgan, ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari uzluksiz davom etmoqda. Rahbariyat tomonidan joylarda mavjud muammolarni bartaraf etish, ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini oshirish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuni alohida qayd etish joizki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ayrim xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, ular mavjud vaziyatni to‘liq aks ettirmaydi va tizimda mehnat qilayotgan minglab pedagog va rahbar xodimlarning sha’ni hamda obro‘siga putur yetkazishi mumkin.
Andijon viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi doimo ochiqlik va muloqot tarafdori. Agar kimdadir e’tiroz yoki takliflar bo‘lsa, ularni belgilangan tartibda, rasmiy yo‘l bilan bildirish mumkin. Har bir murojaat qonun doirasida ko‘rib chiqiladi.
Kasbiy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan jamoaning asosiy maqsadi — yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish, ularning kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishdan iborat. Ushbu yo‘lda olib borilayotgan ishlarni noto‘g‘ri talqin qilish emas, balki xolis baholash muhim deb hisoblaymiz.
Mazkur masala yuzasidan bildirilayotgan fikrlar shu jihatlarni inobatga olgan holda yoritilishiga umid bildiramiz.
Hurmat bilan,
Andijon viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi

