Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Anglashuv Memorandumi imzoladi.
2025-10-17 18:00:00 / Yangiliklar

Jahon banki hamkorligida 2025 yilning 13–16-oktabr kunlari Toshkent shahrida Davlat moliyasini boshqarish boʻyicha xalqaro hamkorlik taʼlim dasturi (PEMPAL) doirasida “G‘aznachilik faoliyatini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish” mavzusidagi Gʻaznachilik hamjamiyati (TCOP) yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Ma’lumot uchun: PEMPAL — bu Yevropa va Markaziy Osiyo (ECA) mintaqasidagi 20 dan ortiq davlat moliya organlari vakillarini birlashtiruvchi tarmoq bo‘lib, u davlat moliyasini boshqarish islohotlarini takomillashtirish maqsadida o‘zaro muloqot, hamkorlik va tajriba almashish uchun yagona platforma hisoblanadi. Tarmoq uchta mavzuli amaliyot hamjamiyati (COP) orqali faoliyat yuritadi: budjet, g‘aznachilik va ichki audit yo‘nalishlari.
Mazkur tadbir doirasida G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachilik qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Anglashuv Memorandumini imzoladi.
Mazkur Memorandumning maqsadi — ikki mamlakat g‘aznachilik organlari o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashdan iboratdir.
Shu bilan birga, u hududiy budjet tashkilotlari tomonidan xarajatlarni amalga oshirish, elektron xizmatlarni rivojlantirish, “yashil yo‘lak” tizimini joriy etish, valyuta operatsiyalarini takomillashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarni joriy etish sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Memorandum har ikki tomonning manfaatlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shma seminar va uchrashuvlarni tashkil etish kabi shakllarni o‘z ichiga oladi.

