G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2026-05-08 12:35:00 / Yangiliklar

2026-yil 8-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi markaziy apparatida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari xotirasiga hurmat bajo keltirish, tarixiy xotirani asrash hamda yosh avlod va jamoa xodimlari qalbida vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar xodimlarning ajdodlari — urush qatnashchilari va mehnat faxriylariga oid ma’lumotlar, ularning suratlari hamda xotiralari jamlangan “Burch, jasorat, matonat!” nomli stend bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng Qo‘mita raisi A. Xaydarov kirish so‘zi bilan chiqish qilib, xalqimizning tinch va farovon hayoti yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini e’zozlash, ularning jasorati va matonatini yosh avlodga yetkazish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbir davomida “Sharafli yo‘l” mavzusidagi sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Unda onaning o‘z farzandini urushga kuzatishi, uning ortidan sog‘inch va umid bilan yashashi hamda pochtalyon tomonidan o‘g‘lining halok bo‘lgani haqidagi xatni olib kelishi ta’sirchan tarzda sahnalashtirildi. Mazkur sahna orqali urushning ayanchli oqibatlari, onalar qalbidagi cheksiz iztirob va xalqimizning matonati badiiy ifoda orqali yoritib berildi. Sahna ko‘rinishi tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirib, yig‘ilganlar tomonidan uzoq olqishlar bilan kutib olindi.
Tadbir O‘zbek davlat filarmoniyasi xonandasi hamda “Bulbulcha” xor va raqs guruhining yorqin badiiy chiqishlari bilan davom etdi. Bolajonlar tomonidan ijro etilgan milliy raqslar va kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Filarmoniya xonandasi tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik va qadriyatlarni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yig‘ilganlar tomonidan iliq kutib olindi. Musiqiy chiqishlar davomida tadbir ishtirokchilari ham raqsga tushib, samimiy va quvonchli muhitda faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Gavhar Zokirova tadbir davomida urush yillariga oid hayotiy voqealar va ta’sirli xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Aktrisa tomonidan Muhammad Yusufning ota, ona va farzand mehri, ayriliq va sog‘inchni tarannum etuvchi she’rlari yuksak mahorat bilan ijro etildi. Ota haqida hamda ona va farzand taqdiri aks etgan she’rlar yig‘ilganlarga chuqur ta’sir ko‘rsatib, tadbir ishtirokchilarini hayajonga soldi. Samimiy va ta’sirchan chiqishlar zalda iliq muhit uyg‘otib, tomoshabinlar tomonidan uzoq davom etgan olqishlar bilan qarshi olindi.
Tadbir yakunida filarmoniya raqqosalari tomonidan ijro etilgan jozibador va milliy ruhdagi raqslar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Nafis sahna chiqishlari, jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar va raqslar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Ishtirokchilar san’atkorlarning mahoratli chiqishlarini iliq olqishlar bilan qarshi olib, tadbir ko‘tarinki ruh va samimiy muhitda yakunlandi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir jamoada tarixiy xotiraga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat va faxriy avlod vakillariga ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.









