VAZIRLIKDA YANGI KUTUBXONA OCHILDI
2026-04-29 13:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–9-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, mutolaa madaniyatini shakllantirish, zamonaviy kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 28-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining ikkinchi (Niyozbek yo‘li,1) binosida yangi kutubxonaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim voqea, nafaqat, tashkilot hayotida, balki uning intellektual salohiyatini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Yangi kutubxona vazirlik hamda uning huzuridagi tashkilotlar xodimlari uchun zamonaviy bilimlar manbai, o‘qish va ilmiy izlanishlar olib borish uchun qulay maskan bo‘lib xizmat qiladi.
Kutubxona ochilish marosimida vazirning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Maxmudov Obiddin Abbasovich, vazirlik Ijro apparati rahbari o‘rinbosari Hamroyev Suhrob Shuhratovich, shuningdek, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Xaydarov Abdulaziz Abdulahadovich hamda qo‘mita tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida vazir maslahatchisi o‘z nutqida mazkur kutubxonaning tashkil etilishi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda boyitib borishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. U, shuningdek, bunday tashabbuslar xodimlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, bilim almashinuvi, mustaqil fikrlash va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Qo‘mita raisi esa bugungi kunda har bir sohada, ayniqsa, moliya va g‘aznachilik tizimida yuqori malaka, chuqur bilim va tahliliy yondashuv zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, kutubxonaning tashkil etilishi xodimlar uchun keng imkoniyatlar yaratishi, ularning kasbiy rivojlanishiga xizmat qilishi, zamonaviy adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ilmiy manbalardan samarali foydalanish imkonini berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Kutubxona zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan bo‘lib, unda turli yo‘nalishlardagi adabiyotlar, jumladan moliya, iqtisodiyot, huquq, boshqaruv, axborot texnologiyalari hamda shaxsiy rivojlanishga oid kitoblar jamlangan. Shuningdek, xodimlar uchun qulay o‘quv muhiti yaratilgan bo‘lib, bu ularning mustaqil bilim olishlari, malakasini oshirishlari va professional faoliyatida yuqori natijalarga erishishlariga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlarga yuqori baho berdilar. Qayd etilishicha, mazkur kutubxona, nafaqat, mutolaa uchun qulay maskan, balki xodimlar o‘rtasida bilim almashinuvi, kasbiy rivojlanish va intellektual salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylanishi kutilmoqda. Shuningdek, kelgusida ushbu kutubxona negizida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, kitob taqdimotlari hamda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa vazirlik tizimida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, xodimlarning bilim darajasini oshirish va ularning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



