2026-yil mart oyida Hindiston da ITEC (Hindistonning texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi) doirasida “Moliyaviy intizomni ta’minlash uchun audit va ichki nazorat” yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi.
2026-04-02 00:00:00 / Yangiliklar

2026-yil mart oyida Hindiston da ITEC (Hindistonning texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi) doirasida “Moliyaviy intizomni ta’minlash uchun audit va ichki nazorat” yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu kursda G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining G‘aznachilikda risklarni baholash, oldini olish va muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Miraziz Mirazamov ishtirok etib, o‘z malakasini oshirib qaytdi. Mazkur o‘quv kursining asosiy maqsadi zamonaviy moliyaviy boshqaruv tizimlarini o‘rganish, audit va ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda davlat moliyasida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishdan iborat bo‘ldi. Kurs davomida ishtirokchilar moliyaviy intizomni mustahkamlashga qaratilgan amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar. O‘quv dasturi nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy mashg‘ulotlar bilan ham boyitildi. Turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniyati ishtirokchilar uchun katta ahamiyat kasb etdi. Bu esa xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qildi. Safar davomida ishtirokchilar Dehli shahrining tarixiy obidalari bilan ham yaqindan tanishdilar. Jumladan, Qutb minar kabi qadimiy inshootlar islom me’morchiligining noyob namunasi sifatida katta taassurot qoldirdi, Qizil qal’a majmuasi Mug‘al imperiyasi davridagi ulug‘vorlikni o‘zida aks ettirib tarixiy ahamiyati bilan ajralib turadi, Akshardham ibodatxonasi majmuasi hind madaniyati va san’atining yorqin ifodasi sifatida ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Hindistonning qator muhim davlat tashkilotlarida ham bo‘lib, ularning ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligida agrar sohani boshqarish, resurslardan samarali foydalanish va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘rganildi. Ichki ishlar vazirligida ichki xavfsizlikni ta’minlash, tartibni saqlash hamda boshqaruv mexanizmlari haqida ma’lumotlar olindi. Shuningdek, Sanoat vazirligi faoliyati bilan tanishish orqali sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Ushbu tashriflar ishtirokchilarga davlat boshqaruvi tizimini chuqurroq anglash va amaliy bilimlarini yanada boyitish imkonini berdi. Umuman olganda, mazkur o‘quv kursi Miraziz Mirazamov uchun nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, balki yangi madaniyat va tarix bilan tanishish imkonini ham berdi. Ushbu tajriba kelgusida G‘aznachilik tizimida samarali faoliyat yuritish, risklarni boshqarish va moliyaviy intizomni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Xulosa qilib aytganda, ITEC dasturi doirasidagi mazkur o‘quv kursi yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib u ishtirokchining kasbiy rivoji bilan bir qatorda dunyoqarashini kengaytirishga ham xizmat qildi. Tarixiy obidalar bilan tanishish esa ushbu safarni yanada mazmunli va esda qolarli qildi.



