Сhiroqchi tumani prokurori Ulug‘bek Ergashevning tuman aholisiga murojaati
2026-08-10 10:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Chiroqchi tumani aholisi!
O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur yo‘nalishda Chiroqchi tumanida ham jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilish sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etish borasida kompleks tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirilmoqda.
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanda ayrim turdagi jinoyatlar, xususan, o‘g‘rilik, firibgarlik, bezorilik, oilaviy-maishiy nizolar negizida sodir etilayotgan jinoyatlar, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan kiberjinoyatlar uchrab turibdi.
Tumanimizda 2026-yilning o‘tgan 6 oyida sodir etilgan jinoyatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Jumladan, 2026-yilning o‘tgan 6 oyi davomida jami qayd etilgan umumiy jinoyatlar ( 154/333) 179 taga yoki +1 16,2 foizga oshgan bir vaqtda, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyat 200 foizga (1/3 ) 2 taga, bezorilik jinoyati 20 foizga ( 5/6 ) 1 taga, yo‘l transport hodisasi bilan bog‘liq jinoyat 21.4 foizga ( 14/11 ) 3 taga kamaygan bo‘lsa-da, e ng achinarlisi ushbu jinoyatlar (7/9) 2 taga odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarini sodir bo‘lgan .
Ushbu holatlar fuqarolardan yuqori darajada huquqiy ong va hushyorlikni talab etadi.
Shu munosabat bilan, Sizlarni quyidagi profilaktik choralarga qat’iy amal qilishga chaqiraman:
Shaxsiy va bank siriga oid ma’lumotlarni (plastik karta rekvizitlari, parollar, SMS-kodlar) uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik;
Internet tarmog‘ida tarqatilayotgan shubhali axborotlar, havolalar va takliflarga tanqidiy yondashish;
Oilada sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, nizolarni qonuniy tartibda hal etish;
Voyaga yetmaganlarning nazoratsiz qolishining oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish;
Har qanday huquqbuzarlik holatlari yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan murojaat qilish.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmay, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning fuqarolik burchi hisoblanadi. Shu bois, “mahalla–oila–ta’lim muassasasi” hamkorligi asosida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Kelgusida ham tumanda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli profilaktika tadbirlari, targ‘ibot-tashviqot ishlari, fuqarolar bilan ochiq muloqotlar hamda ijtimoiy hamkorlik mexanizmlari izchil davom ettiriladi.
Hurmatli fuqarolar! Qonunlarga hurmat bilan qarash, huquqbuzarliklarga murosasiz munosabatda bo‘lish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish orqali biz tinch va osoyishta hayotni ta’minlashimiz mumkin.
Ishonchim komilki, Sizlarning faol fuqarolik pozitsiyangiz hamda hamkorligingiz natijasida tumanda jinoyatchilik darajasini yanada pasaytirish va barqaror ijtimoiy muhitni ta’minlashga erishamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
