26-iyun — Xalqaro giyohvandlik va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Chiroqchi tumani IIB boshlig'i Hamza Jamolovningning tuman aholisi va yoshlariga MUROJAATI
2026-06-20 20:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
#Murojaat
26-iyun — Xalqaro giyohvandlik va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Chiroqchi tumani IIB boshlig'i Hamza Jamolovningning tuman aholisi va yoshlariga MUROJAATI
Hurmatli fuqarolar!
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Narkotik moddalarning tarqalishi nafaqat inson salomatligiga, balki oila tinchligiga, jamiyat barqarorligiga va yoshlar kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan narkotik vositalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qonun qabul qilindi.
Endilikda yashirin narkolaboratoriyalar va bangixonalar tashkil etish, narkotik vositalarni internet tarmoqlari orqali yoki transmilliy usullarda tarqatish, narkojinoyatlarga homiylik qilish kabi o‘ta xavfli jinoyatlar uchun javobgarlik choralari yanada kuchaytirildi. Bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.
Shuningdek, uyushgan narkojinoyatchalik uchun belgilangan jazo choralari keskin og‘irlashtirildi. Eng muhimi, narkojinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan muddatidan oldin ozod qilish tartibi cheklanib, ular jazoni to‘liq o‘tashi belgilandi.
Aziz ota-onalar!
Bugungi kunda giyohvandlik balosi ko‘proq yoshlarni o‘z domiga tortishga urinmoqda. Ayrim kimsalar oson daromad ilinjida yoshlar ongi va taqdiri bilan o‘ynamoqda. Shu sababli farzandlaringizning davrasi, qiziqishlari, internetdagi faoliyati va kundalik hayotiga befarq bo‘lmang.
Yangi qonunga ko‘ra, voyaga yetmaganlarni narkotik vositalar iste’moliga jalb qilish yoki ularni narkojinoyatlarga undash og‘ir jinoyat sifatida baholanadi. Ta’lim muassasalari, talabalar turar joylari, bolalar oromgohlari va boshqa joylarda yoshlarni bunday jinoyatlarga jalb qilgan shaxslar qonun oldida qat’iy javob beradi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Ichki ishlar organlari tomonidan narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar va tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Narkotik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar fosh etilmoqda, yashirin narkolaboratoriyalar aniqlanib, faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.
Biroq bu kurashda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakati yetarli emas. Jamoatchilikning hushyorligi, ota-onalarning mas’uliyati va fuqarolarning daxldorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Agar mahallangizda, ko‘changizda yoki atrofingizda narkotik vositalar bilan bog‘liq shubhali holatlarga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bering. Sizning birgina ogohlantirishingiz kimningdir hayotini saqlab qolishi, bir oilani fojiadan asrashi mumkin.
Unutmang, narkotiklarga qarshi kurash – bu kelajagimiz uchun kurashdir. Farzandlarimizni asrash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash barchamizning umumiy vazifamizdir.
Keling, birgalikda giyohvandlikka qarshi murosasiz kurash olib boraylik va yurtimizni ushbu illatdan asraylik!
E’tiboringiz uchun rahmat.
